Akademik Akmal Saidovning joriy yilda mamlakatimizda qabul qilingan Saylov kodeksining muhim jihatlari tahliliga doir maqolasi xorijiy ommaviy axborot vositalarida, jumladan Boltiqbo'yi mintaqasida nashr etiladigan “The Baltic Course” jurnali veb-saytida va “The Bukharian Times” (AQSH) gazetasida chop etildi.
Maqolada demokratik davlatning muhim sharti – fuqarolar saylash va davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylanish huquqidan foydalanishini ta'minlash ekani, shuningdek saylov huquqining xalqaro mezonlari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlaridan iborat milliy saylov qonunchiligiga to'liq implementatsiya qilingani qayd etilgan.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117 moddasida Prezident saylovi, parlamentning Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, mahalliy vakillik organlariga saylovlar umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo'li bilan o'tkazilishi belgilangan.
O'zbekiston Respublikasining o'n sakkiz yoshga to'lgan fuqarolari saylash huquqiga ega. Saylovlar har besh yilda o'tkaziladi.
Joriy yilda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolarning ishtirok etishidan iborat konstitutsiyaviy huquqning qo'llanilishi bo'yicha amaliy mexanizmlarni aniq ifodalaydi.
Mazkur Saylov kodeksi loyihasi “gov.uz” hukumat portalida hamda Markaziy saylov komissiyasining saytida e'lon qilinib, jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi. Shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi kabi xalqaro nufuzli tashkilotlar tomonidan Kodeks loyihasi o'rganilib, tavsiyalar berildi.
Kodeksni tayyorlashda nafaqat milliy tajribadan foydalanildi, balki 30ga yaqin xorijiy davlatning saylov qonunchiligi ham o'rganildi.
Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzodlarni ko'rsatish tartibi bekor qilindi, sababi bu milliy davlatchilik shakllanayotgan va ko'p partiyaviy tizim rivojlanmagan davrda zarur edi. Bugungi kunda ushbu institutga ehtiyoj mavjud emas.
Saylov kodeksining 38-moddasiga ko'ra, endi saylovchilar bir yoki bir nechta siyosiy partiyani yoqlab imzo qo'yish imkoniyatiga ega.
Deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari soni oshirildi. Bu miqdor Qonunchilik palatasi uchun 10 nafar, xalq deputatlari viloyat Kengashlari uchun 5 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari uchun 3 nafarni tashkil etadi.
Siyosiy partiyalar kuzatuvchilarining vakolati kengaytirildi. Endi ular saylov natijalari to'g'risidagi hujjat nusxasini saylov komissiyasi ovozlar sonini hisoblab bo'lishi bilanoq olishlari mumkin.
Shuningdek, Senat a'zolarini saylash tartibi qonunchilik darajasida tartibga solindi. Ilgari amalda bo'lgan Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati a'zolarini saylash tartibi to'g'risidagi nizom bekor qilindi.
Bundan tashqari, deputatlikka nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo'lishi kerakligi belgilandi. Siyosiy partiyalar deputatlikka nomzod sifatida nafaqat o'z partiyalari a'zolarini, balki partiyasiz fuqarolarni ham ko'rsatishlari mumkin.
Maqolada fuqarolarning saylash huquqini ta'minlashda O'zbekiston ko'plab xorijiy davlatlarga nisbatan liberal yondashuvda ekani qayd etilgan. Masalan, Saylov kodeksining 5-moddasiga asosan quyidagilar saylash va saylanish huquqiga ega emas:
birinchidan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar;
ikkinchidan, og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar.
Dunyoning ko'plab davlatlarida sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ovoz berish huquqiga ega emas. O'zbekistonda esa faqatgina og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etgan mahbuslar saylash huquqiga ega emas, xolos.
Maqolada ta'kidlanganidek, Saylov kodeksida siyosiy partiyalar va ular ko'rsatgan nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqoti olib borish turlari, shakllari va usullari aniq belgilangan (45 modda).
Shuningdek, saylov byulletenidagi bo'sh kvadrat ichiga saylovchilar tomonidan nomzodga yoqlab ovoz berishda bir qancha belgilar (+,v, X) qo'yish imkoniyati yaratilganligi ham o'ziga xos yangilikdir. Bu saylovchilarga yanada qulaylik yaratishga qaratilgan amaliyot tatbiq etilganidan dalolat beradi.
Muddatdan oldin ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun mo'ljallangan saylov byulletenini joriy qilish bilan “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlanganligi va saylovchilar yagona elektron ro'yxatining amal qilish mexanizmi tartibga solinganligi ham e'tiborga molik jihatlardandir.
Maqola xotimasida ta'kidlanganidek, 2019 yilgi saylovlar yangi siyosiy talablar, partiyalar orasidagi kuchli raqobat, g'oyalar va dasturlar kurashi asosida o'tkaziladi. Saylov kodeksi haqiqiy demokratik saylovlar uchun mustahkam poydevor bo'lishi shubhasiz.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.12.2019
- Ko'rishlar: 5267
- Chop etish