2020 yil 28 iyul kuni "Barqaror rivojlanish maqsadlarini Osiyo-Tinch okeani mintaqasida implementatsiya qilishda COVID-19 ko'rsatadigan ta'sir: bunda parlamentlarning roli qanday bo'lishi kerak?" mavzuida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi. Ushbu onlayn anjuman Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi – ESKATO bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Xalqaro konferentsiyada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Parlamentlararo ittifoq raisining o'rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi va so'zga chiqdi. A.Saidovning ma'ruzasi matni quyida havola etilmoqda.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) insoniyatni himoya qilish va farovonligini oshirishga qaratilgan bo'lib, bu borada yakdillik bilan sa'y-harakat qilish uchun o'ziga xos chaqiriq hisoblanadi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarining 2030 yilgacha mo'ljallangan Kun tartibi yangi dunyo haqidagi dadil tasavvurdir. Unda ijtimoiy va siyosiy adolatga sodiq qolish, ijtimoiy va siyosiy hisobdorlikning yangicha shakllarini qo'llab-quvvatlash sari imkon qadar ko'proq intilishlar o'z mujassamini topgan.
Bugungi koronavirus inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlari har doimgidan ham dolzarbroq. Nega deganda, dunyo tarixiy ko'lamlarga ega bo'lgan, ya'ni keyingi 50 yil davomida kuzatilmagan eng yirik tahdid va inqirozga duch kelib turibdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish haqqoniy ta'kidlaganidek, "COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozning naqadar jiddiy ekani barcha uchun tushunarli bo'lmog'i kerak".
Joriy yilning ikkinchi choragida jahon miqyosida taxminan 400 million ish joyi mavjudligiga teng bo'lgan quvvatdagi ulkan iqtisodiy salohiyat boy berildi. Bundan tashqari, ekspertlar qayd etganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi imkoniyatlarimiz yo'liga COVID-19 jiddiy to'siq bo'lmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Barqaror rivojlanish maqsadlarining Parlamentga doir mezonlariga to'xtalish maqsadga muvofiqdir.
Milliy parlamentlar o'z mamlakatining rivojlanish jarayonlarida katta rol` o'ynaydi. Binobarin, parlamentlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim vositasidir.
Afsuski, jamoatchilik sog'lig'ini saqlash va dastlabki tibbiy-sanitariya yordami ko'rsatish sohalari bo'yicha tavsiya etish mumkin bo'lgan «hamma uchun yagona retsept» mavjud emas. Shu bilan birga, ijtimoiy, iqtisodiy va sud-huquq sohalarini huquqiy tartibga solishni ta'minlash juda ham muhim.
Qabul qilinadigan qonunlarni baholashning samarali mexanizmini ishlab chiqish zarur. Parlament taraqqiyoti Barqaror rivojlanish maqsadlarining "hech kim ortda qolmasligi kerak" printsipiga amal qilishda qo'l keladi.
Kambag'allikni kamaytirish bo'yicha choralarni rejalashtirishda parlament faol rol` o'ynashi lozim. Bunday yondashuv, o'z navbatida, barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish jarayonida jamoatchilikning yanada keng ishtirokini ta'minlashda qo'l keladi.
O'zbekistonda mustaqillik yillarida milliy parlament faoliyati sohasida ibratli an'analar to'plandi. BRMni amalga oshirish uchun zarur huquqiy asoslar muntazam takomillashtirib borilmoqda. Bunda xalqaro va ilg'or xorijiy tajribalardan unumli foydalanilmoqda.
Qonun ijodkorligi sifatini oshirish, o'z navbatida, mamlakat o'z oldiga qo'ygan maqsadlarga erishish, fuqarolar hayoti farovonligini oshirish uchun zarur bo'lgan parlament nazoratini kuchaytirish imkonini bermoqda.
So'nggi 3 yilda Oliy Majlis tomonidan ijtimoiy sohada 30 dan ziyod qonun qabul qilindi. Xususan, "Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to'g'risida", "Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida", "Kasaba uyushmalari to'g'risida", "Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida"gi qonunlar shular jumlasiga kiradi.
Parlamentimiz tomonidan 10 dan ortiq xalqaro shartnoma, shu jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta Konventsiyasi ratifikatsiya qilindi.
O'zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning qat'iy tarafdoridir. Mamlakatimizda 2017-2021 yillar doirasida amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo'nalishlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'la mos tushadi.
2018 yilda Hukumat tomonidan Barqaror rivojlanish sohasidagi 16 ta Milliy maqsad va shu maqsadlar bilan bog'liq ravishda 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan 127 ta vazifa tasdiqlangan.
Ana shu Milliy maqsad va vazifalarni implementatsiya qilish bo'yicha "Yo'l xaritasi" qabul qilingan. Bosh vazir o'rinbosari boshchiligidagi Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan.
Keyingi uch yilda kambag'allikka barham berish, aholi sog'lig'ini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashish, ekologiya muammolariga yechim topish, gender tenglikni ta'minlash kabi muhim sohalarga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Gender tenglikni ta'minlash bo'yicha komissiya va Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha milliy kengash tuzilgan bo'lib, ularning faoliyatida parlament a'zolari ishtirok etmoqda. Parlament palatalarining qo'llab-quvvatlashi tufayli Yoshlar parlamenti o'z ishini boshladi.
2020 yil 22 iyunda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi.
Milliy strategiyani tayyorlashda inson huquqlarini himoya qilish va ta'minlashning dolzarb muammolarini har tomonlama o'rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo'llash amaliyoti va ilg'or xorijiy tajriba tahlili, shuningdek keng jamoatchilik muhokamalari, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijalariga tayanildi.
Hozirgi vaqtda Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Xususan, shu maqsadda Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga amal qilish bo'yicha Parlament komissiyasi tuzilmoqda.
O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha sa'y-harakat va majburiyatlar dekadasi boshlangan. Mazkur loyiha parlament tomonidan BMTning mamlakatimizdagi agentliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni bajarish bo'yicha Ixtiyoriy milliy sharh taqdimoti o'tkazildi. Ushbu ma'ruza loyihasi parlament va jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilindi.
O'zbekiston 2020 yil iyul` oyida Barqaror rivojlanish bo'yicha yuqori darajadagi siyosiy forumga Ixtiyoriy milliy sharhini taqdim etgan 49 ta davlat safidan joy oldi.
2020 yilning may oyida O'zbekiston Respublikining 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarining amalga oshirilishini nazorat qilish bo'yicha Parlament komissiyasining birinchi majlisi o'tkazildi.
Parlament komissiyasining faoliyati Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarning bajarilishini ham milliy, ham mintaqaviy darajada doimiy nazorat qilishdan iborat bo'lib, ushbu jarayon viloyat va tumanlar kesimida amalga oshiriladi. Bu boradagi ishlarga mahalliy Kengashlarning 6 ming 600 nafar deputatidan iborat ulkan salohiyat safarbar etilgan.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga doir ma'lumotlardan parlament a'zolarining xabardorligini oshirish maqsadida Parlamentlararo ittifoqning "Parlamentlar va Barqaror rivojlanish maqsadlari" nomli qo'llanmasi o'zbek tilida nashr etildi.
O'zbekiston koronavirus pandemiyasi davrida BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq jahon inqirozi sharoitlarida O'zbekistonning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini, ayniqsa, sog'liqni saqlash, madaniyat, aholi bandligi sohalaridagi rivojlanish sur'atlarini tiklash bo'yicha amalga oshirayotgan kompleks chora-tadbirlari xalqaro miqyosda qo'llab-quvvatlanmoqda.
So'nggi oy ichida BMT va uning tuzilmalari, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, YUNESKO, BMTRD, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissarining Boshqarmasi, YUNFPA, YUNISEF, Xalqaro migratsiya tashkiloti hamda Prlamentlararo ittifoqning yuqori lavozimli vakillari ishtirokida on-layn shaklda Global munozaralarning 2 ta turkumi tashkil etildi.
BMT Bosh kotibi A.Guterrishning "BMT-75" xalqaro tashabbusi doirasida o'tkazilgan ushbu munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlarining bajarilishiga bag'ishlandi. Oxirgi munozaralarda ijtimoiy sohani rivojlantirish - madaniyat, sog'liqni saqlash va bandlik tizimlariga doir masalalar muhokama qilindi.
Global munozaralarning 3-turkumi gender tenglikni ta'minlash, bolalar, nogiron shaxslar va migrantlar huquqlarini himoya qilishga bag'ishlanadi. Tadbirning tashkilotchilik ishlari Gender tenglikni ta'minlash bo'yicha komissiya zimmasiga yuklangan.
Joriy yilning 12-13 avgust kunlari Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini videokonferentsiya shaklida o'tkazish rejalashtirilgan. Bo'lajak anjuman yoshlar huquqlarini rag'batlantirishning dolzarb masalalariga bag'ishlanadi.
Forumning maqsadi – yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirishning xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarini takomillashtirishga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama qilishdan iborat. Mazkur xalqaro anjumanning faxriy spikerlari sifatida BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi, BMTning Yoshlar masalalari bo'yicha maxsus elchisi va boshqa yuqori martabali shaxslarni taklif etish mo'ljallanmoqda.
Biz Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish chorrahasida turibmiz. Aksariyat hollarda milliy parlamentlar XIX asrga mansub model` asosida tashkil topganiga e'tibor qarataylik. Bu modelni takomillashtirish, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, xalq bilan doimiy muloqotni yo'lga qo'yish, makon va zamon chaqiriqlariga o'z vaqtida javob qaytarish taqozo etiladi.
Shu ma'noda, Parlament demokratik boshqaruvning yuragi sifatida hamisha fuqarolarning, saylovchilarning, fuqarolik jamiyatining huquq va manfaatlari himoyasida mustahkam turishi shart.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining
birinchi o'rinbosari,
Parlamentlararo ittifoq raisining o'rinbosari
- Qo'shildi: 28.07.2020
- Ko'rishlar: 4110
- Chop etish