Joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari bo'lib o'tadi.
Ushbu xalqaro seminarning asosiy tashabbuskorlaridan biri bo'lmish IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi haqida nimalarni bilamiz? Mazkur Komissiya raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bu haqda quyidagilarni so'zlab berdi.
– Bunda, avvalambor, Islom hamkorlik tashkiloti tarixiga muxtasar nazar solish lozim, – dedi A.Saidov. – Dunyodagi eng yirik xalqaro islom tashkiloti hisoblanuvchi ushbu nufuzli tuzilma dastlab Islom konferentsiyasi tashkiloti (IKT) deb yuritilgan. Islom hamkorlik tashkiloti degan hozirgi nomini 2011 yilda olgan. IHT qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan.
IHTda ingliz, arab va frantsuz tillari rasmiy ish tili hisoblanadi. IHTning asosiy maqsad va vazifalari a'zo davlatlar o'rtasida do'stlik va birdamlik rishtalarini uyg'unlashtirish; islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish; davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish; inson huquqlarini himoya qilish; a'zo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga ko'maklashish; islom dini haqida turli nohaq va nojo'ya ma'lumotlarni bartaraf qilish; turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni tashkil qilishdan iborat.
Bugungi kunda IHTga ikki milliardga yaqin aholiga ega 57 davlat a'zodir. Bu keng miqyosdagi hamkorlik muqaddas islom qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, musulmon xalqlari o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, tashkilotga a'zo mamlakatlar xalqlarining rivojlanishi va farovonligiga ko'maklashishdek ezgu maqsadlarga erishish yo'lida muhim o'rin tutib kelmoqda.
IHTda BMT, Rossiya, Bosniya va Gertsegovina, Markaziy Afrika Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. O'zbekiston 1995 yil oktyabr` oyida mazkur tashkilotga kuzatuvchi, 1996 yil 2 oktyabrdan boshlab to'laqonli a'zo sifatida qabul qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiya IHTning muntazamlik asosida faoliyat olib boradigan mustaqil tuzilmasidir. U IHTga a'zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2011 yil 28-30 iyun kunlari Astanada bo'lib o'tgan 38-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan.
Komissiya IHTning nizom va deklaratsiyalarida, shuningdek, inson huquqlari borasida umum e'tirof etilgan hujjatlarda qayd etilgan fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarni, islom qadriyatlari bilan muvofiq holda mustahkamlab borish bilan shug'ullanadi. U, shuningdek, davlatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi IHTga a'zo davlatlarning xotin-qizlar, yoshlar va ehtiyojmand kishilarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yo'lidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Bu borada iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy-ma'rifiy sohalardagi huquqlarni ta'minlash, barcha shakldagi zo'ravonlik va kamsitishlarga barham berish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.
IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi 18 nafar a'zodan iborat. Bu tarkib tashkilotga a'zo davlatlarning hukumatlari tomonidan tavsiya etilgan va inson huquqlari sohasiga ixtisoslashgan ekspertlardan tashkil topgan.
Komissiya a'zolari IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi tomonidan uch yil muddatga, bir marta qayta saylanish imkoniyati bilan saylanadilar. Saylovda IHTga a'zo mamlakatlar o'rtasida teng geografik taqsimot ta'minlanishiga alohida e'tibor qaratiladi. Ya'ni, Komissiyaga arab mamlakatlaridan – 6 nafar, Osiyo qit'asidan – 6 nafar va Afrika qit'asidan 6 nafar a'zo saylanadi.
IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2017 yil 10-11 iyul kunlari Kot d’Ivuarda bo'lib o'tgan 44-sessiyasida IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi tarkibiga Osiyo qit'asidan O'zbekiston vakili sifatida avval a'zo bo'ldim. Bir yildan so'ng, ya'ni 2018 yilda Komissiya raisi etib saylandim.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, keyingi 2-3 yildan buyon O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorligi faollashdi va yangi bosqichga ko'tarildi.
O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida 2018 yil 17-19 dekabr kunlari Jidda shahrida IHT Kotibiyati tomonidan o'tkazilgan Hukumatlararo ekspertlar guruhining kengashida ishtirok etdim.
O'sha tadbir ham IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgandi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad IHTning Islomda inson huquqlari deklaratsiyasining loyihasini muhokama qilishdan iborat bo'ldi.
Biz Deklaratsiyada inson huquqlari sohasida ta'lim, yoshlar huquqlari to'g'risidagi normalarni kiritishni taklif etdik. O'zbekiston delegatsiyasining bu boradagi takliflari to'liq e'tiborga olindi.
O'shanda Kengash ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli va keng qamrovli islohotlar haqida so'zlab berdik. Xususan, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish borasida erishilayotgan natijalardan xabardor qildik.
Samarqandda o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi yakunlariga doir ma'lumotlar hamkorlarimizda katta taassurot qoldirdi. Biz, shuningdek, O'zbekistonning xalqaro tashabbuslari, BMT Bosh Assambleyasining
Ma'rifat va diniy bag'rikenglik to'g'risidagi rezolyutsiyasi qabul qilingani, BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasini tayyorlash jarayonlari haqida atroflicha fikr almashdik.
Darvoqe, IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Toshkentda bo'lib o'tadigan Yillik 6-seminarida tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi.
Joriy yilda O'zbekiston IHTning ushbu Komissiyasiga raislik qilayotganini alohida ta'kidlash zarur. Shu ma'noda, mazkur Komissiyaning bu galgi Yillik seminari aynan yurtimiz poytaxtida bo'lib o'tishi bejiz emas.
- Qo'shildi: 05.10.2019
- Ko'rishlar: 6192
- Chop etish