22 aprel kuni bir qator davlatlarning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari vakillari o'rtasida videokonferentsaloqa shaklidagi ishchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tadbirda Armaniston, Mongoliya, Serbiya, Tojikiston, Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekiston vakillari ishtirok etdi.
Videoaloqa jarayonida ishtirokchilar Yevroosiyo Ombudsmanlari Al`yansining bo'lajak kengashini videokonferentsiya tarzida o'tkazishga doir masalalarni muhokama qildilar. Bo'lg'usi kengash koronavirus pandemiyasi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish muammolariga, shuningdek Ikkinchi jahon urushi tugaganining 75 yilligiga bag'ishlanadi.
Kutilayotgan videokengashda pandemiya davrida inson huquqlarini himoya qilish borasidagi muammolarni ko'rib chiqish va yangicha sharoitlarda milliy institutlarning rolini muhokama qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, faxriylar va keksa avlodga mansub insonlar huquqlarini himoya qilishda ombudsmanlar va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida tajriba almashish hamda o'zaro hamkorlikni takomillashtirish yo'llarini belgilab olish ko'zda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari mamlakatda COVID-19 pandemiyasi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasida olib borilayotgan ishlar haqida axborot berdilar.
Xususan, O'zbekiston Hukumati tomonidan koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashishda mavjud xavf-xatarga nisbatan qat'iy, ayni chog'da samarador va mutanosib choralar ko'rilayotgani qayd etildi. Bu jarayonning inson huquqlariga, ayniqsa, jamiyatning nisbatan zaif qatlami hisoblanuvchi keksalar, bolalar, ayollar, migrantlar va mahkumlarning huquqlariga ko'rsatadigan muqarrar salbiy ta'sirini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarga alohida e'tibor qaratildi.
Onlayn uchrashuv ishtirokchilari davlatlar inqirozga qarshi qabul qilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi ko'p jihatdan muntazam asosda o'zaro ishonchli axborot almashishga bog'liq ekanini ta'kidladilar. Bunda inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar o'rtasida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish sohasida tajriba almashinuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.04.2020
- Ko'rishlar: 4293
- Chop etish