27 iyul kuni “Yuksalish” umummilliy harakati ta'sischilarining umumiy yig'ilishi bo'lib o'tdi, deyiladi senat.uz sayti xabarida. Videokonferentsaloqa tarzida o'tkazilgan yig'ilishni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.
Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati ta'sischilari hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari qatnashdi. Yig'ilishda, xususan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaeva o'z nutqida “Yuksalish” umummilliy harakati qisqa davr ichida nufuzli jamoat tashkilotiga aylangani, uning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni jamoatchilikka yetkazishda faol ishtirok etayotganini ta'kidladi. Qolaversa, Davlat va jamiyat hayotini yuksaltirishga qaratilgan ilg'or g'oyalarni ishlab chiqishdagi o'rni to'g'risida so'z yuritdi.
Yig'ilishda Harakat tomonidan amalga oshirilgan ishlar va erishilgan muvaffaqiyatlar yuzasidan axborot berildi.
Shundan so'ng ta'sischilar A.Burxanovning O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori lavozimiga tayinlanganligi sababli uni Harakat raisi lavozimidan ozod etish to'g'risida qaror qabul qildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati – nodavlat notijorat tashkilotining raisi lavozimiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik institutlar nodavlat notijorat tashkilotlari va o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi a'zosi Bobur Bekmurodov nomzodi ko'rsatildi. U 2019 yildan hozirga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati hamda 2020 yildan buyon “Yuksalish umummilliy harakati raisi o'rinbosari bo'lib ishlab kelgan.
Ta'sischilar tomonidan Bobur Bekmurodovni “Yuksalish” umummilliy harakati – nodavlat notijorat tashkiloti raisi lavozimiga saylash to'g'risida qaror qabul qilindi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi Farmoni doirasida keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilgan «Yuksalish» umummilliy harakatini tashkil etish tashabbusi ma'qullanib, xuddi shu kuni ushbu Harakat tashkil etilgan.
«Yuksalish» umummilliy harakati 2019 yil 25 yanvarda nodavlat notijorat tashkiloti sifatida Adliya vazirligida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan. O'sha yili 7 fevralda Toshkentda tashkil etilgan Fuqarolik forumida tashkilotning rasmiy taqdimoti o'tkazilgan.
Harakatni tashkil etishdan asosiy maqsad - O'zbekiston taraqqiyotiga befarq bo'lmagan barcha fuqarolar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, biznes hamjamiyati, akademik doira vakillarini amalga oshirilayotgan islohotlar atrofida ixtiyoriylik asosida birlashtirish hisoblanadi.
«Yuksalish» umummilliy harakati faoliyatining asosiy yo'nalishlariga quyidagilar kiradi:
* Xalq va biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni yo'lga qo'yish;
* Biznes va akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan tadqiqotlar o'tkazish;
* Rejalashtirilgan, shu jumladan, Davlat dasturida nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirishga ko'maklashish;
* Jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish;
* Fuqarolar va NNT tashabbuslarini o'rganish va qo'llab-quvvatlash.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.07.2020
- Ko'rishlar: 4159
- Chop etish