Avval xabar qilinganidek, shu yil 12-13 noyabr kunlari Shveytsariya poytaxti – Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi qo'mitasining 68-sessiyasi bo'lib o'tdi. Sessiya ishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi sessiyasi ishtirokchilariga BMTning Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadrqimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konventsiyasini bajarish bo'yicha O'zbekistonning Beshinchi ma'ruzasi taqdim etildi. BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi sessiyasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari kirish nutqi so'zladi.
Shu mavzuda “acca.media” veb-saytida 13 noyabrda e'lon qilingan “В ООН делегация из Узбекистана не смогла опровергнуть факты пыток заключенных” maqolada biryoqlama yondashuvga yo'l qo'yilgan. Maqolada «Права человека в Центральной Азии» assotsiatsiyasi prezidenti Nadejda Ataevaning so'zlariga havola qilinib, BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi sessiyasida O'zbekiston delegatsiyasi boshlig'i A.Saidovning bayonotiga go'yoki shubha bilan qaralgani qayd etilgan.
Haqiqatan olib qaralganda esa BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasining sessiyasida ma'ruza muhokamasi doirasida O'zbekiston delegatsiyasi va Qo'mita a'zolari o'rtasida jonli hamda qizg'in interfaol muloqot bo'lib o'tdi.
Majlisda BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi tomonidan hamma'ruzachilar F.Gaer (AQSH) va D.Rodrigez-Pinzon (Kolmubiya), Qo'mita raisi Y.Modvig (Daniya), shuningdek, BMTning mazkur sharnnomaviy organi a'zolari E.Bel`mir (Marokash), A.Xani (Tunis), A.Rachu (Moldova), B.Tuzmuxamedov (Rossiya) so'zga chiqdilar. Ular ijobiy va xolis sharhlarini bayon etib, tanqidiy va aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildilar.
Qo'mita a'zolarining savollari O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirishning keng sohalarini qamragani holda, asosan qiynoq hamda muomala va jazolashning shafqatsiz turlariga barham berish mavzusiga qaratildi.
BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasining aksariyat a'zolari O'zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy jihatdan qayd etdilar. Qo'mita a'zolarining ko'plab savollariga atroflicha javoblar qaytargan O'zbekiston tomoniga amaliy va ishchan yondashuvi hamda taqdim etilgan ma'ruzaning qamrovdorligi, mazmundorligi va to'la-to'kisligi uchun samimiy minnatdorchilik bildirildi.
Shuni ham ma'lum qilamizki, majlis yakunida BMTning Qiynoqqa qarshi qo'mitasi raisi Y.Modvig O'zbekiston delegatsiyasiga ochiq va amaliy muloqot uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.11.2019
- Ko'rishlar: 5211
- Chop etish