Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Avstriya Radio va televideniesi – ORFning Moskvadagi vakolatxonasi muxbiri Kristian Lininger va ORF teleoperatori Taras Rinza bilan muloqotida shunday bayonot berdi. Xorijiy jurnalistlar bilan uchrashuv 5 avgust kuni Markaz binosida bo'lib o'tdi.
– Siyosiy hayotimizda va jahon hamjamiyati oldida juda katta ahamiyatga ega bo'lgan ushbu tarixiy qadam davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli, ayni chog'da, izchil va davomli islohotlarning yana bir yaqqol samarasidir, – dedi A.Saidov. – Chunki inson huquqlarini ta'minlash degani bu ma'lum masofadan so'ng harakat to'xtaydigan oxirgi bekat emas, balki uzviy davom etadigan jarayondir.
“Jasliq” qamoqxonasining yopilishi, bir tomondan, yurtimiz sha'niga dog' bo'lib tushgan yomon tamg'ali muassasadan voz kechish va xalqaro maydonda O'zbekiston imijini ko'tarishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, bevosita yurtdoshlarimizning huquq va erkinliklarini ta'minlash, xususan, mahbuslar sonini kamaytirish
borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday insonparvar siyosat tufayli o'tgan qisqa davrda mamlakatda mahbuslar soni ikki barobar kamayishiga erishildi. Bugungi kunda O'zbekistonda har 100 ming aholiga 94 nafar mahbus to'g'ri keladi. Bu MDH davlatlari, hatto Yevropa mamlakatlari bilan qiyoslaganda ham eng yaxshi ko'rsatkichdir.
O'zbekiston Prezidenti keyingi 2,5 yil ichida afv etish to'g'risida 7 ta farmon imzoladi. Mustaqillik kuni, Konstitutsiya qabul qilingan sana, “Navro'z” va Hayit bayramlari munosabati bilan qabul qilingan ushbu farmonlar asosida afv etilganlarning umumiy soni 3 ming 952 nafarga yetdi.
Bu – O'zbekiston Prezidenti tom ma'noda inson huquqlari kafili ekanining amaliy isbotidir. Bu mamlakatimizda qonuniylik, insonparvarlik va adolat tamoyillariga mos odil siyosat olib borilayotganidan dalolatdir.
Avstriyalik jurnalistlar, shuningdek, keyingi yillarda O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq holat qanchalik o'zgargani, bolalar mehnatidan foydalanishga, umuman, majburiy mehnatga barham berish, siyosiy partiyalar va matbuotning erkinligini ta'minlash borasidagi so'nggi yangiliklar haqida atroflicha axborot oldilar.
Ma'lumot uchun: Avstriya Radio va televideniesi (ORF) – Avstriyaning yagona jamoatchilik teleradiokompaniyasidir. Uning teleradio dasturlari butun mamlakat bo'ylab tarqaladi. ORFning 4 ta radiodasturi va 2 ta telekanali mavjud bo'lib, hozirgi vaqtda Avstriya telebozorida yetakchi mavqeda turibdi. ORF 7 million teletomoshabin va radiotinglovchi muxlislariga ega. ORFning Moskvadagi vakolatxonasi 1971 yili tashkil etilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.08.2019
- Ko'rishlar: 6931
- Chop etish