Avval xabar qilinganidek, Serbiyaning Belgrad shahrida bo'lib o'tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 141-Assambleyasi ishida Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda. Kuni kecha Assambleya majlisida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari so'zga chiqdi.
Ushbu xalqaro anjuman “Xalqaro huquqni mustahkamlash: bunda parlamentning roli va ishlash mexanizmi hamda mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati” mavzusiga bag'ishlangan. Bu haqda so'z borganda, Parlamentlararo ittifoq zamonaviy xalqaro huquq rivojiga ulkan hissa qo'shib kelayotganini ta'kidlash lozim.
Ayniqsa, Adolatli saylovlar printsiplari to'g'risidagi deklaratsiya, Demokratiya printsiplari to'g'risidagi deklaratsiya kabi muhim xalqaro-huquqiy hujjatlar yer yuzida huquq, demokratiya va inson huquqlari ustuvorligi printsiplarini o'rnatishga qaratilgan tamomila yangicha chorlovlardir. O'z navbatida, Parlament va inson huquqlari to'g'risidagi rahbariy printsiplarni ishlab chiqish va qabul qilish fursati yetdi.
Assambleya majlislarida Parlamentlararo ittifoq doirasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Bu jarayonlarda xalqaro parlamentlararo hamjamiyatning to'laqonli a'zosi hisoblanuvchi O'zbekiston parlamenti o'z munosib hissasini qo'shadi.
Binobarin, Oliy Majlis Parlamentlararo ittifoq, YEXHT Parlament Assambleyasi, MDH Parlamentlararo assambleyasi singari bir qator xalqaro parlamentlararo forumlarning ishtirokchisi sanaladi.
Keyingi yillarda O'zbekiston parlamenti Parlamentlararo ittifoqning muhim qarorlar qabul qilish va hujjatlar ishlab chiqish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Shu orqali tinchlik va xavfsizlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlariga doir masalalar bo'yicha parlamentlararo muloqotning izchil rivojlanishiga ko'maklashmoqda.
Eng asosiysi, O'zbekiston o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo'ydi. Bu muhim jarayon mamlakatimizning xalqaro shartnomalar qabul qilish borasidagi tashabbuslari misolida ham yorqin namoyon bo'lmoqda.
Parlamentlararo ittifoqning 141-Assambleyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbus qo'llab-quvvatlandi. Xalqaro forum ishtirokchilariga Konventsiya loyihasi tayyor ekani haqida axborot berildi.
Ma'lumki, 2018 yilda Samarqand shahrida Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi bo'lib o'tdi. Ushbu xalqaro anjuman yakunida qabul qilingan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand Deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining rasmiy hujjati maqomiga ega bo'ldi.
Oktyabr` oyi boshida Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ofisi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan yirik xalqaro anjuman tashkil etildi. Ushbu nufuzli seminar yakunida Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi.
Hozirgi kunda Parlamentlararo ittifoq doirasida Xotin-qiz parlamentariylar forumi va Yosh parlament a'zolari forumi faoliyat olib bormoqda. Agar O'zbekistonda keyingi yillarda xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini ta'minlashga nechog'lik katta e'tibor qaratilayotgani hisobga olinsa, bu boradagi siyosatning uyg'unligi va o'zaro hamkorlik istiqbollari nihoyatda keng ekani ayon bo'ladi.
O'zbekiston 2021–2023 yillarda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylanish uchun o'z nomzodini ilgari surgan. Shu maqsadda ishlab chiqilgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va Bosh Assambleyaning 60/251-rezolyutsiyasi doirasidagi majburiyatlar" nomli hujjat ham milliy parlament tomonidan ma'qullangani muhimdir.
Joriy yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo'lib o'tadi. Bu saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, O'zbekistonni dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga ko'tarishda yana bir muhim amaliy qadam bo'ladi. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, bu saylovlar butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.10.2019
- Ko'rishlar: 5324
- Chop etish