3 dekabr kuni Jeneva shahrida o'z ishini boshlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining 100-sessiyasida O'zbekistonning davriy ma'ruzalari ko'rib chiqiladi.
Mamlakatimiz Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya qoidalarining bajarilishi bo'yicha O'ninchi – O'n ikkinchi ma'ruzalarini 2018 yili BMT Qo'mitasiga taqdim etgan. Joriy sessiyada ushbu davriy ma'ruzalar muhokama qilinadi.
Shu munosabat bilan sessiya ishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
O'zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining Kotibiyatida ham uchrashuv o'tkazishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2020 yili Nyu-Yorkda bo'lib o'tadigan saylovda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarga saylanishi uchun O'zbekiston nomzodi ilgari surilgani munosabati bilan ishlab chiqilgan “O'zbekiston Respublikasining ixtiyoriy majburiyatlari” taqdimotini o'tkazish ko'zda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan ushbu hujjatda mamlakatimizning inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishga qo'shgan hissasi haqida muxtasar ma'lumot berilgan. Bundan tashqari, O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylangan taqdirda inson huquqlari sohasida xalqaro, mintaqaviy va milliy ko'lamlarda qanday ixtiyoriy majburiyatlarni amalga oshirishiga doir istiqboldagi rejalari bayon etilgan.
Ma'lumot uchun: Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1965 yil 21 dekabrda qabul qilingan va 1969 yil 4 yanvarda kuchga kirgan. Hozirgi vaqtda ushbu Konventsiyani 182 davlat ratifikatsiya qilgan. O'zbekiston Konventsiyaga 1995 yil 28 sentyabrda qo'shilgan.
BMT Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasi Konventsiya qoidalari bajarilishi muhokamasiga bag'ishlangan sessiyalarini, odatda, bir yilda uch marta o'tkazadi. Bu sessiyalar tegishli ravishda uch-to'rt-uch hafta davom etadi. BMT Qo'mitasining 100-sessiyasi 25 noyabr – 13 dekabr kunlari bo'lib o'tadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.12.2019
- Ko'rishlar: 5095
- Chop etish