2020 yil 12 avgust kuni yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi o'z ishini boshlaydi. "Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi ushbu xalqaro anjuman davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi asosida tayyorlangan Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Ayni paytda ushbu Konventsiya loyihasi ishlab chiqilgan bo'lib, bu boradagi ishlar ikki yildan ko'proq vaqt davom etdi. O'tgan davrda ushbu sohada to'plangan mintaqaviy tajriba va xorijiy mamlakatlarning ilg'or amaliyoti o'rganildi. Mintaqaviy va milliy darajalarda turli tadbirlar o'tkazildi.
Hozirgi vaqtda Konventsiya matni Muqaddima va 26 ta moddadan iborat. Konventsiya muqaddimasida qay etilganidek, "barcha mamlakatlarda yoshlar rivojlanish maqsadlari uchun zarur bo'lgan asosiy odam resurslaridan biri va ijtimoiy o'zgarishlar, iqtisodiy rivojlanish hamda texnika taraqqiyotining asosiy ishtirokchilari" hisoblanadi.
Shu bilan birga, Konventsiyada "yoshlar globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jo'shqin rivojlanayotgan sharoitlarda jamiyatdagi yirik o'zgarishlarning o'tkazuvchilari, manfaatdorlari va jabrdiydalari hisoblanishi" ham alohida ta'kidlangan. Xuddi shu omillar Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyaning qabul qilinishini taqozo etmoqda.
Konventsiyani ishlab chiqish asnosida navqiron avlod vakillarining yoshiga doir mezonlarni aniqlash eng murakkab masalalardan biri bo'ldi. Loyihada yoshlar, ya'ni yosh shaxslar toifasiga – o'n sakkiz yoshdan o'ttiz yoshgacha bo'lgan, aholining alohida demografik guruhini tashkil etadigan shaxslarni mansub deb hisoblash taklif qilinmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Konventsiya loyihasida yoshlarning demokratik jarayonlarda faol ishtirok etishini va ularning demokratik tuzilmalarda keng vakilligini ta'minlash zarurligi qayd etilgan. Loyihada, shuningdek oilada yoshlarning sog'lom rivojlanishiga ko'maklashadigan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa sharoitlarni yaratish va ta'minlash; yoshlarning zo'ravonlikka va ekspluatatsiyaga duchor qilinmasligi; yoshlarning huquq sub'ekti sifatida qonun oldidagi tengligi; milliy va xalqaro darajada qaror qabul qilishda ishtirok etishi kabi huquqlar mustahkamlangan.
Inson huquqlari bo'yicha boshqa bir qator asosiy shartnomalarda bo'lganidek, ushbu Konventsiya loyihasida Yoshlar huquqlari bo'yicha qo'mita ta'sis etilishi ko'zda tutilgan. Qo'mita kelgusida BMTning inson huquqlari bo'yicha navbatdagi shartnomaviy organiga aylanadi.
Yoshlarga doir statistika va tadqiqot ma'lumotlarini to'plash hamda yoshlarning huquqlarini ta'minlash jarayonlariga fuqarolik jamiyatining faol ishtirok etishi muhimligiga katta e'tibor qaratilgan. Bu xususiyatlar inson huquqlari sohasidagi eng yangi tendentsiyalarni o'zida namoyon etgan bo'lib, ayni sohada samarali monitoring olib borishning muhim sharti sanaladi.
Samarqand forumi davomida ishtirokchilar Konventsiya loyihasi matni bilan atroflicha tanishib, muhokamalarda ishtirok etish hamda loyihani maromiga yetkazish uchun o'z
taklif va tavsiyalarini taqdim qilish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.08.2020
- Ko'rishlar: 4498
- Chop etish