Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasida uni amalga oshirishning asosiy yo'nalishlari ko'zda tutilgan.
Xususan, Strategiyaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish, barqaror rivojlanish sohasidagi ustuvor yo'nalishlari quyidagilardan iborat:
- iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini ta'minlashning samarali omili sifatida kambag'allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish;
- xususiy mulk daxlsizligining kafolatini ta'minlashning samarali mexanizmlarini o'rnatish, jismoniy va yuridik shaxslarning, ayniqsa tadbirkorlarning iqtisodiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
- mulk huquqi kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini kodifikatsiya qilish;
- mamlakatning sog'liqni saqlash tizimining samaradorligi bo'yicha rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi, sog'liqni saqlash xizmatlarining keng qamrovini, xavfsiz, samarali, yuqori sifatli va arzon zarur dori-darmonlar va vaktsinalardan foydalanish imkoniyatini ta'minlash, bemorlar huquq va majburiyatlarini qonuniy mustahkamlab qo'yish;
- fuqarolarning reproduktiv huquqlarini himoya qilish, ayollar va erkaklarning oilani rejalashtirish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- ishchi-xodimlar huquqlarini himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini, shu jumladan davlat xizmatchilari, tibbiyot, pedagog xodimlarni mehnat shartnomalarida ko'zda tutilmagan ishlardan, majburiy mehnatning barcha shakllaridan himoya qilishni takomillashtirish;
- mehnat migrantlari va oila a'zolarining huquqlarini himoya qilish, milliy qonunchilikka xalqaro shartnomalarni, shuningdek, mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha BMT shartnomaviy organlari va Xalqaro mehnat tashkilotining tavsiyalarini implementatsiya qilish;
- Aholini ijtimoiy himoya qilish kontseptsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, keksalar, yolg'iz qariyalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha yaxlit va ta'sirchan tizim yaratish, ijtimoiy sug'urtaga oid qonun hujjatlari qabul qilish;
- “O'zbekiston yoshlari – 2025” kontseptsiyasini ishlab chiqish, unda ma'naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlarini belgilash;
- fuqarolarning pensiya olish huquqini ta'minlash mexanizmini takomillashtirish, shu jumladan, ushbu tizim elektron shaklga o'tkazilishini ta'minlash;
- “Mehribonlik uylari”da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish bilan, kelajakda uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha alohida dastur ishlab chiqish;
- farzandlikka oluvchi ota-onalar uchun imtiyozlar va preferentsiyalar yaratish, moddiy manfaatlar taqdim etish orqali rag'batlantirish me'yorlarini ko'zda tutuvchi farzandlikka olishning tashkiliy-huquqiy tizimini takomillashtirish;
- maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirish (2025 yilgacha 3-7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini, shuningdek, 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni ta'minlash), bolalarni rivojlanishi, parvarish qilish va maktabgacha ta'lim, tarbiya tizimini yaxshilash;
- barchani qamrab oluvchi, adolatli va sifatli ta'limni ta'minlash va butun umr davomida o'qishga bo'lgan imkoniyatlarini rag'batlantirish, boshlang'ich va umumiy o'rta ta'limni yangi sifat darajasiga ko'tarish, arzon va sifatli o'rta maxsus, oliy, kasb-hunar va qo'shimcha ta'lim olish imkoniyatini ta'minlash;
- yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrab olinishini, oliy o'quv yurtlarida davlat grantlari miqyosini kengaytirishni ta'minlash;
- aholini toza ichimlik suviga bo'lgan imkoniyatini ta'minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv xo'jaligi va sanitariya holatini yaxshilashda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish;
- aholining urbanizatsiya ko'rsatkichlarining izchil o'sishi, dunyoning zamonaviy megapolislari modeli bo'yicha respublika shaharlarining rivojlanishi, “aqlli va xavfsiz shaharlar” kontseptsiyalarining hayotga tatbiq etilishi, madaniy va tabiiy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va saqlash bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirish;
- hozirgi va kelajak avlodlarning qulay ekologik muhitda yashash huquqini ta'minlash, quruqlik ekotizimlarini himoya qilish va tiklash, o'rmonlardan oqilona foydalanish, cho'llanishga qarshi kurashish, yerlarning degradatsiya jarayonini to'xtatish va muomalaga qaytarish hamda biologik xilma-xillikning yo'qolishi jarayonini to'xtatish;
- tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikni, ekologik cheklashlar tizimini hamda tabiatdan foydalanish rejimlarini tartibga solishni takomillashtirish, atrof-muhitga zararli ta'sirni minimallashtirish uchun ekologik huquq standartlarini joriy etish.
O'zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamaci uchun e'lon qilingan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalar kelib tushmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.02.2020
- Ko'rishlar: 4733
- Chop etish