“Irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog'liq toqatsizliklarga qarshi Harakatlar dasturi hamda Durban deklaratsiyasi” kitob shaklida nashr etildi

2021 yil 22 sentyabr kuni Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi qabul qilinganining 20 yilligi keng nishonlandi.

Bundan yiigirma yil oldin butun dunyo mamlakatlarining yetakchilari irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog'liq toqatsizliklarga qarshi kurashish uchun Janubiy Afrikaning Durban shahrida yig'ilishgan. “Irqchilikka qarshi Butunjahon konferentsiyasi” deb nomlangan ushbu yig'ilishda irqchilikning barcha shakllari va ko'rinishlariga qarshi kurashish bo'yicha dunyo miqyosidagi majburiyatlarni aks ettiruvchi keng qamrovli xalqaro hujjat – Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi qabul qilingan.

Shu ma'noda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda “Irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog'liq toqatsizliklarga qarshi Harakatlar dasturi hamda Durban deklaratsiyasi” kitobi nashr etilgani muhim ahamiyatga egadir.
Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi O'zbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda, jamiyatda do'stlik va bag'rikenglik muhitini mustahkamlashda, fuqarolarning huquqlarini irqi yoki millati bo'yicha kamsitishlardan himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratishda katta o'rin tutadi. Xalqaro hujjatlar tavsiyaviy xususiyatga ega bo'lib, kim irqchilik qurboniga aylanishi mumkinligi va ushbu salbiy hodisani bartaraf qilish muammosini hal qilish uchun davlatlarning javobgarligi to'g'risida xabardor qiladi.

Ushbu nashr BMTning Irqiy kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasining yakuniy kuzatuvlari va tavsiyalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar rejasining 13- bandini amalga oshirishning bir qismi sifatida 2020 yil 15 oktyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan tasdiqlangan 2020-2022 yillarda irqiy kamsitilishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya qoidalarini amalga oshirish borasidagi O'zbekiston Respublikasining O'ninchi – O'n ikkinchi davriy hisobotlari ko'rib chiqilgandan so'ng nashr etildi.
Mazkur nashr qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, ilmiy va ta'lim muassasalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun mo'ljallangan.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu kitobni nashr etishda ko'mak bergani uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisiga minnatdorchilik bildiradi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech