O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko'rsatish, ularni ro'yxatga olish – saylov kampaniyasining muhim jarayonlaridandir. Bu jarayonni qonuniy, adolatli, xolis va yuqori saviyada tashkil etish, o'z navbatida, saylovchilarning munosib nomzodlarni tanlab ovoz berishlari uchun xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 37-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko'rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar egadir.
Kodeksning 9-moddasiga ko'ra saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yo'l qo'yiladigan eng ko'p chetga chiqishi, qoida tariqasida, 10 foizdan oshmasligi kerak. Avvalgi qonunlarda bu miqdorning chegaralari belgilanmagan edi.
Yana bir yangilik: endilikda mazkur Kodeksning 10-moddasi bilan Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda o'tkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o'tkazish bo'yicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuziladi.
Saylov qonunchiligiga oid shu kabi yangiliklar joriy yilning 25 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan o'tkazilgan o'quv mashg'ulotida alohida ta'kidlandi. Trening O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o'tkazuvchi 150 ta okrug saylov komissiyasi raislari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar saylov komissiyalari raislari va kotiblari uchun tashkil etildi.
O'quv seminarini o'tkazishdan ko'zlangan maqsad – joriy yil 22 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo'lib o'tadigan saylovlarga yuqori saviyada tayyorgarlik ko'rishdan iborat.
Bunda ishtirokchilarning saylovni yuqori saviyada o'tkazish bilan bog'liq bilim va ko'nimalari hamda amaliy tajribalarini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Trening okrug saylov komissiyalari raislariga guvohnomalarni tantanali topshirish marosimi bilan boshlandi. Shundang so'ng Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati, kotibiyat a'zolari va soha mutaxassislarining saylov qonunchiligi va normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, ularni amaliyotda qo'llash tartibiga oid ma'ruzalari tinglandi.
Ma'lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o'tkazuvchi okrug saylov komissiyalari 9-11 nafar tarkibda saylovga kamida 70 kun qolganida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Okrug saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlar Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tavsiya etiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o'tkazish uchun 150 ta hududiy saylov okrugi tuziladi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o'tkazish bo'yicha saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ma'muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, O'zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.
Yig'ilishda, shuningdek, uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish, deputatlikka nomzodlarni ro'yxatga olish, saylov komissiyalari faoliyatini moliyalashtirish, Davlat byudjetidan ajratilgan mablag'lardan foydalanish tartibi, saylovoldi tashviqotini tashkil etish va o'tkazish, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar bilan ishlash xususiyatlari kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Sevara Ishmuratova,
jurnalist
- Qo'shildi: 26.10.2019
- Ko'rishlar: 5191
- Chop etish