13 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi delegatsiya a'zolari Buyuk Britaniyaning inson huquqlari sohasi bo'yicha bir qator ekspertlari bilan uchrashdi.
Bristol universiteti huzuridagi Huquq maktabi professori Debra Long va Essaks universiteti huzuridagi Huquq maktabi professori Koldo Kasla inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaliy tajribalari haqida so'zlab berdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Bristol universiteti o'rtasida imzolangan Memorandum doirasida o'zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlar samaralari alohida qayd etildi.
Essaks universiteti va Buyuk Britaniyaning inson huquqlari sohasida tadqiqotlar olib boradigan boshqa yetakchi muassasalari bilan o'zaro aloqalarni yo'lga qo'yish istiqbollari muhokama qilindi.
O'zbekistonda keyingi uch yilda inson huquqlarini himoya qilishda parlamentning roli tubdan oshib bormoqda. Britaniyalik ekspertlar bilan, jumladan, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) bajarish bo'yicha parlament nazorati va monitoringi mexanizmlarini tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
BRMning har bir yo'nalishi inson huquqlarining muayyan sohasiga bevosita bog'liqdir. Shuning uchun parlament tomonidan ushbu muhim vazifalar ijrosi monitoringi jarayonlariga fuqarolik jamiyati institutlari keng jalb etilishi maqsadga muvofiq ekani ta'kidlandi.
Buyuk Britaniya parlamentining jamoatchilik e'tiborida turgan eng dolzarb masalalar yuzasidan siyosiy munozaralar olib borish amaliyoti alohida e'tiborga loyiqdir. Kelgusida bunday tajribaning O'zbekiston parlamenti faoliyatida tatbiq etilishi, bir tomondan, munozara mavzusiga aylangan muammoni hal etishning eng maqbul yechimini topish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, aholining bu boradagi xabardorligi oshishi, demakki siyosiy madaniyati ortib borishini ta'minlaydi.
Britaniyalik ekspertlar O'zbekistonda Jamoatchilik palatasini tashkil etish borasida boshlangan ishlarni yuqori baholadilar. Bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq davlatida xuddi shunday demokratik institutlar mavjud. Jamoatchilik palatasining ahamiyati shundaki, u davlat bilan jamiyat o'rtasida ishonchli ko'prik vazifasini o'taydi.
Ayni mavzudagi muloqotlar “Global hamkorlikni boshqaruv” (Global Partners Governance – GPG) nohukumat tashkiloti faollari bilan uchrashuvda ham davom etdi. Bu haqda so'z borganda, ushbu kompaniya tashkil topganidan buyon o'tgan o'n yildan ortiq vaqt ichida 30 dan ziyod mamlakatlar bilan samarali aloqalarni yo'lga qo'yganini alohida qayd etish lozim.
Bugungi kunda mazkur nohukumat tashkilot BMTTD, Parlamentlararo ittifoq, Milliy demokratiya instituti (NDI), Demokratiya uchun Vestminister fondi kabi tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Eng muhimi, u o'tgan davrda yangilanishlarni boshqarish va siyosiy institutlarni mustahkamlash borasida zamonaviy hamda noyob siyosiy yondashuvni ishlab chiqqan.
Xususan, tashkilot tomonidan tayyorlangan «Parlamentga doir rahbariy yo'riqlar» qo'llanmasida parlamentlar va parlament yordami masalalari chuqur tahlil etilgan. Ayniqsa, qo'llanmada parlamentlarning tuzilishi va vazifa-vakolatlari, ular amalga oshiradigan axborot-targ'ibot ishlari, ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyat o'rtasidagi munosabatlar zamonaviy asosda talqin etilgani diqqatni tortadi.
“Global hamkorlikni boshqaruv” kompaniyasining ijrochi direktori Syu Griffs, Jamoat tashkilotlari va inson huquqlari bo'yicha ekspert Nik Uolker hamda Loyihalar bo'yicha yetakchi menejer Zafran Iqbol bilan muloqotlarda inson huquqlari sohasida o'zaro tajriba almashildi. Shuningdek, bu boradagi monitoring, hisobdorlik va boshqa xil tartib-taomillarga doir ilg'or amaliyot atroflicha ko'rib chiqildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi delegatsiyasi tashrifi doirasidagi uchrashuvlar har tomonlama foydali bo'lgani e'tirof etildi. Bu yuzma-yuz muloqotlar, xususan, Buyuk Britaniyaning ilg'or tajribasini ham parlament faoliyati, ham inson huquqlari nuqtai nazaridan bevosita o'rganish imkonini berdi.
O'zbekiston va Buyuk Britaniya yangi parlamentlari hamkorligini yo'lga qo'yishga qaratilgan amaliy muzokaralar chog'ida tomonlarning ko'plab yaqin va o'xshash jihatlari bor ekaniga e'tibor qaratildi. Yanada muhimi, ushbu tashrif O'zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati bilan Buyuk Britaniya jamoatchiligini yaqindan tanishtirishda katta ahamiyatga ega bo'ldi.
Tashrif davomida bir qator amaliy takliflar ko'rib chiqildi. Xususan, kelgusida Oliy Majlisda ham O'zbekiston – Buyuk Britaniya parlamentlararo do'stlik guruhi tashkil etiladi. Buyuk Britaniya parlamenti a'zolari, ayniqsa, yuqori mansabdor shaxslarining mamlakatimizga tashriflari yanada faollashadi.
Britaniyalik hamkorlarimiz shu yil may oyida bo'lib o'tadigan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumiga taklif etilgani bejiz emas. Chunki amaliy munosabatlarni nafaqat ikki tomonlama, balki BMT va uning tuzilmalari, shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq, YEXHT Parlament Assambleyasi kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ko'p tomonlama asosda ham izchil rivojlantirish davr talabidir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.02.2020
- Ko'rishlar: 4662
- Chop etish