Jenevada «Markaziy Osiyo – o‘lim jazosidan xoli mintaqa» tashabbusini birgalikda ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi

JENEVA, 6-mart. /“Dunyo” AA /. Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 52-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti majlisi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘uliston delegatsiyalari rahbarlari  hamda «O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya (O‘JQXK) NNT mutasaddilari ishtirokida  alohida tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘JQXK prezidenti Navanetxem Pillay, O‘JQXK vitse-prezidenti Rut Dreyfus, O‘JQXK komissari Saxiagiyn Elbegdorj, tashkilotning boshqa vakillari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘uliston delegatsiyalari vakillari so‘zga chiqdilar.

Tadbir davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonni o‘lim jazosidan xoli mintaqaga aylantirish masalasi yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola qildi. Insonning yashash huquqini so‘zsiz kafolatlash maqsadida Asosiy qonunda o‘lim jazosini taʼqiqlash meʼyorlarini yana-da mustahkamlashga  alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Akmal Saidov o‘z nutqida  «Yashash huquqi — har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, balki Yaratganning o‘zi ato etgan», deya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston butun dunyo qonunchiligidan o‘lim jazosining evolyutsion tarzda bekor qilinishini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyoni o‘lim jazosidan xoli mintaqaga aylantirish tashabbusini birgalikda ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 27 fevral – 4 mart kunlari Jeneva shahrida (Shveysariya) BMT Inson huquqlari kengashining (IHK) 52-sessiyasi Yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etdi.

Kun.uz

Powered by GSpeech