BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan uchrashuv bo‘ldi

2023 yil 13 mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk bilan uchrashuv bo‘ldi.

Muloqotlarda F.Tyurk boshchiligidagi delegatsiya a’zolari – BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti rahbari Xulan Sedev, ushbu Departamentning inson huquqlari bo‘yicha mas’ul xodimi Joana Mikel Jelabert, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Matbuot kotibi o‘rinbosari Jeremi Lorans, Oliy komissar Boshqarmasining media xodimi Entoni Xidli, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Konsuelo Vidal Bryus, shuningdek, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy vakili o‘rinbosari Fabio Piana va Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy bo‘linmasi milliy dasturlar muvofiqlashtiruvchisi Guljahon Amanova ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi. Mamlakatimiz BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining samarali va mustaqil faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlashi, keyingi davrda BMTning mazkur Boshqarmasi bilan o‘zaro hamkorlik amaliy ruhda izchil rivojlanayotgani qayd etildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo‘shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko‘rsatilgani uni amalda tatbiq etishni osonlashtirmoqda.

Mamlakatimiz BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi bo‘yicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarib kelmoqda. O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi ko‘magida Inson huquqlari bo‘yicha kengashning Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi bo‘yicha o‘z ma’ruzalarini tayyorlash borasida ilg‘or davlatlardan biriga aylangani ham buni tasdiqlaydi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaytirilishini ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi. Milliy markaz normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlab, tegishli tartibda taqdim etib kelmoqda.

Milliy markaz aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu o‘rinda 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etilganini ta’kidlash lozim.

Shu munosabat bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk Global forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini yuqori baholagani yana bir bor e’tirof etildi.

 

Joriy yil 30 aprelda referendumga qo‘yiladigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mohiyati va ahamiyati haqida ham fikr almashildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha tavsiyalarini yo‘llagani uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariga minnatdorlik bildirildi.

Qonun hujjatlarini inson huquqlari nuqtai nazaridan takomillashtirishda jinoiy jazo ko‘zda tutilgan ayrim normalarni imkon qadar kamaytirish yoki yumshatish bu borada kutilgan ijobiy natijalarni berishi qayd etildi. F.Tyurk o‘zi rahbarlik qilayotgan BMT Boshqarmasi ushbu yo‘nalishdagi qonun loyihalarining xalqaro andozalarga qanchalik mosligini o‘rganib, tegishli tavsiyalar berishga hamisha tayyor ekanini ma’lum qildi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlik munosabatlarining boshqa sohalarini ham atroflicha muhokama qildilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Gazetalar sharhi

Rasmiy xabarlar

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 15 mart kungi 51-son

Darakchi.uz

 «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati

UzDaily.uz

 

Powered by GSpeech