Davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali, manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqani kengaytirish, ayniqsa, ishbilarmon doira vakillari ishtiroki bilan jadal tus oldi.
Xorijiy investorlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiya jalb etish, samarali innovatsion loyihalar va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, respublikamizdagi keng qamrovli islohotlar va demokratik o‘zgarishlarni, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan global va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shularni inobatga olgan holda, davlatimiz rahbari mustaqillikning 32 yilligi munosabati bilan bir guruh chet ellik investorlarni «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotladi. Ular orasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining «Air Products» kompaniyasi boshqaruvi raisi Seyfollax Gasemi ham bor.
Tadbirkor O‘zA muxbiriga yuksak ordenga loyiq topilganini faxr-iftixor bilan so‘zladi. S.Gasemi suhbatda xalqaro miqyosdagi mukofotlar kelgusi faoliyatiga qay darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, tadbirkorlik muhiti, xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr bildirdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandingiz. Avvalo, tabriklaymiz, ushbu yuksak unvon mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan sanoqli chet el kompaniyalari rahbarlariga topshiriladi. Dastlabki kechinmalar, taassurotlar bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Dunyo bo‘ylab 23 mingdan ziyod xodimga ega “Air Products” kompaniyasi vakili sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan juda faxrlanaman.
Ushbu yuksak mukofotning taqdim etilishi yurtingizda xorijiy ishbilarmon tadbirkorlarga berilayotgan katta e’tibor ramzi, desak bo‘ladi. Endi biz – chet ellik investorlar oldidagi mas’uliyat yana bir karra oshadi. Demak, bildirilgan ishonchni ko‘proq, yanada samarali ish ko‘rsatib, mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun tinimsiz harakat qilish orqali oqlashimiz kerak.
– Aslida, siz uchun xalqaro miqyosdagi mukofotlar qanchalik muhim, bu kelgusi faoliyatingizga qay darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi?
– "Do‘stlik” ordeni kabi e’tiroflar hamkorlikda ishlash, O‘zbekiston Respublikasi energetika tarmog‘ining ulkan salohiyatini oshirish bo‘yicha umumiy majburiyatni aks ettiradi. “Air Products” kompaniyasi rahbari sifatida aytishim mumkinki, bizning asosiy maqsadimiz – fuqarolarni hamkorlikda dolzarb energiya va ekologiya muammolariga yechim topish uchun birlashtirishdir.
– Umuman, bugungi kunda O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlarni qanday baholaysiz? Xususan, tadbirkorlik muhiti, qolaversa, xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida qanday fikrdasiz?
– Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi va “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida tabiiy gazni sintez gaziga qayta ishlash zavodini 1 milliard dollarga sotib olish, egalik qilish va undan foydalanish to‘g‘risida e’lon qilingan investitsiya kelishuvimiz bizni quvontirdi.
O‘zbekiston har sohada jadal rivojlanayotgan davlat. Hukumat islohotga intilmoqda, jumladan, biznes muhitini yaxshilash borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Biz ushbu jarayonlarni davlatning kuchli qo‘llab-quvvatlashi bilan mustahkamlangan yuqori o‘sish muhiti sifatida ko‘ramiz va o‘z sinfidagi eng yaxshi operatsion, ta’minot vakolatlarimizni ochishga tayyormiz. Zero, yurtingizda mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga ko‘pgina sharoitlar yaratib berilgan.
– Amerika Qo‘shma Shtatlarining «Air Products» kompaniyasi oldida turgan maqsadlar, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlik, amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, imzolangan hujjatlar haqida gapirib bersangiz.
– Kompaniya maqsadlari haqida gapiradigan bo‘lsam, “Air Products” barqarorlikni ta’minlash va o‘zi faoliyat yuritayotgan jamoalarni qo‘llab-quvvatlashga intiladi. Energiya va atrof-muhit muammolarini hal qilish uchun innovatsion jarayonlardan foydalanadi.
Biz hamkorlik, ilg‘or texnologiyalar va ilovalar bo‘yicha tajriba orqali tabiiy qo‘riqxonalarni rivojlantirishga yordam beramiz, buni O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyati mavjud.
“Uzbekistan GTL” – gazdan suyuqlik ishlab chiqaruvchi zavodning majmuasi tarkibida ikkita yirik havo ajratish moslamasi, ikkita yirik avtotermik reformatsiya qurilmasi va vodorod ishlab chiqarish bo‘linmasini sotib olish, egalik qilish va ulardan foydalanish hamda kislorod, azot, vodorod va sintez gaz bilan ta’minlashda “O‘zbekneftgaz” muammosiz ishlashi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, respublikaning o‘sib borayotgan energiya ishlab chiqarish va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish imkonini beradigan arzon, yuqori toza yoqilg‘ilarni ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi.
– Sizningcha, O‘zbekistonda mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar uchun yana qanday imkoniyatlar berilishi kerak?
– Barqaror, ochiq va oshkora ishbilarmonlik muhiti bilan biz Gazdan suyuqlik ishlab chiqaruvchi zavod bo‘yicha qiziqarli kelishuvimiz, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida kelajakdagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan uzoq muddatli, barqaror hamkorlikka asoslanishimiz mumkin. Biz mamlakatning o‘sish salohiyatini ko‘ryapmiz va yanada kengroq imkoniyatlarni kutyapmiz.
Javobingiz uchun rahmat!
Ma’lumot: «Air Products» kompaniyasi dunyodagi yetakchi sanoat gaz ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanib, bozorda 80 yildan ko‘proq vaqt davomida faoliyat yuritmoqda. Kompaniya, shuningdek, dunyodagi yetakchi suyultirilgan tabiiy gazni qayta ishlash texnologiyasi va unga tegishli uskunalarni yetkazib beruvchi hisoblanadi.
2019 yil «Air Products» Markaziy Osiyoda o‘z faoliyatini boshladi. Tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Toshkent shahrida Markaziy ofisini ochgan.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 04.09.2023
- Ko'rishlar: 3045
- Chop etish