Yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish: xalqaro, mintaqaviy va milliy mexanizmlar

Forumning ikkinchi yalpi majlisida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning xalqaro, mintaqaviy va milliy vositalari hamda mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Ushbu sessiyaga BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov moderatorlik qildi.

Shu mavzu bo‘yicha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha bo‘limi muvofiqlashtiruvchisi Imma Guerras Delgado (Jeneva), YeXHT amaldagi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Memet Jaku, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha parlament komissiyasi raisi Muhammadjon Valiev, Qirg‘izistondagi “PF IDEA” Markaziy Osiyo yoshlar tashkiloti vakili Ayzat Ruslanova va tojikistonlik yoshlar huquqlari faoli Zilola Imomovaning ma’ruzalari tinglandi.

Ishtirokchilar yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro hamda mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlarning ahamiyatiga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy hujjatlarda yoshlar huquqlarini himoya qilishning belgilangan standartlari atroflicha muhokama qilindi.

Ma’ruzalar qizg‘in muhokama va munozaralarga ulanib ketdi. Ishtirokchilarning fikricha, yoshlar huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirish sohasida qabul qilingan bir qator ilg‘or vosita va standartlar dunyo miqyosida muhim o‘rinlarni egallab turibdi. Bu vosita va standartlarning aksariyati BMT doirasida qabul qilingan bo‘lib, keyingi 30 yilda yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hujjatlar soni 10 tadan oshgan.

Forum ishtirokchilari tomonidan yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo‘llanilishi sohasi xolis tahlildan o‘tkazildi. Yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligi va tushunchasini oshirish hamda yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni targ‘ib etish hamda qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi. Yoshlar huquqlarini himoya qilishning eng maqbul amaliyoti va samarador mexanizmlariga taalluqli ilg‘or tajribalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.

Mrakaziy osiyo yoshlar forumi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech