TOSHKENT, 23-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Yoshlarni o'z huquq va manfaatlari bilan bog'liq qarorlar qabul qilish va rejalashtirish jarayonlariga jalb etish juda muhim, dedi «Dunyo» AA muxbirlariga bugun Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo yoshlar forumi ishtirokchilari.
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, zamonaviy insonlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, salohiyatini oshirish va turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish hamda ishlab chiqishni rag'batlantirish zarur.
YUNISEFning O'zbekistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Jofri Ijumba:
- Statistik ma’lumotlarga ko'ra, O'zbekiston aholisining 60 foizdan ortig'ini yoshlar tashkil etadi. Bugun O'zbekistonning yosh mutaxassislari mamlakat iqtisodiyoti, ijtimoiy hayoti, siyosiy kun tartibida amalga oshirilayotgan barcha o'zgarishlarda faol ishtirok etmoqda. Yana bir gap, O'zbekistonda inson salohiyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilyapti. Ushbu tadbir doirasida mamlakat taraqqiyoti yo'lidagi maqsadlaringizga erishish uchun yoshlarni bir katta zanjirga birlashtirish masalalarini muhokama qildik. Ishonchim komilki, O'zbekiston bugun o'zining malakali va yuqori salohiyatli yosh mutaxassislari bilan har qachongidan ham kuchli.
BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi (Jeneva) yoshlar huquqlari bo'yicha mutaxassisi Darya Kosheleva:
– Yoshlar huquqlarini ta’minlash borasida turli davlatlar, jumladan, O'zbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizdan va bugun tadbirda ishtirok etganimdan hamda bunga o'z hissamni qo'shganimdan juda xursandman. O'zbekistonda yoshlar huquqlarini, jumladan, xalqaro miqyosda targ'ib qilish borasida katta sa’y-harakatlar qilinayotganini ko'rib turibmiz. Biz O'zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz va ishonchim komilki, ushbu forum natijalari nafaqat ushbu mamlakatda, balki butun dunyoda yoshlar huquqlarini yanada targ'ib qilishga xizmat qiladi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) amaldagi raisining yoshlar masalalari bo'yicha maxsus vakili Memet Jaku:
– Bugungi tadbir O'zbekistonda ham, butun dunyoda ham yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash nuqtai nazaridan juda dolzarb. Yoshlar o'rtasidagi munozaralarni rag'batlantirish YeXHTning yoshlarga tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo'yicha asosiy ko'nikmalarni o'rganishga yordam berish bo'yicha sa’y-harakatlaridan biridir. Tadbir davomida yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish bo'yicha mavjud xalqaro hamda mintaqaviy hujjatlar va mexanizmlarni muhokama qildik. Xalqaro va mintaqaviy hujjatlarda yoshlar huquqlarini himoya qilishning belgilangan standartlari ham atroflicha ko'rib chiqildi.
- Qo'shildi: 24.10.2023
- Ko'rishlar: 2952
- Chop etish