“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risida ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni va guvohnomasining tavsiflari tasdiqlangan.

Mazkur ko‘krak nishonini ta’sis etishdan maqsad inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo‘shgan fuqarolar va tashkilotlarni taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o‘rnak bo‘layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Ko‘krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim, yoshlar o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish an’analarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash doirasida joriy yil 4 dekabr kuni 2023 yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga loyiq deb topilganlar nomzodlarga mazkur ko‘krak nishonlarini topshirish marosimi tantanali tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Powered by GSpeech