O‘zbekiston — Xitoy: parlamentlararo hamkorlik yanada mustahkamlanadi

2023-yil 19-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Chjan Sinvey boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

O‘z navbatida, Chjan Sinvey so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganligini alohida ta’kidlab, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

Shuningdek, bugungi geosiyosiy va geostrategik murakkab vaziyat mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashni taqozo etayotgani, bu yo‘lda ikki mamlakatning uzviy hamkorligi ustuvor ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.

Chjan Sinveyning fikricha, ikki davlat taraqqiyotining muhim bosqichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi islohotlarni jadal rivojlantirishga qaratilgan ishlar muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston mintaqadagi iqtisodiyoti yirik mamlakatlardan biri ekanligi, buni yalpi ichki mahsulotning o‘sishida ham yaqqol namoyon bo‘layotgani uchrashuvda alohida e’tirof etildi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, turizm va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanda kengaytirish masalalari xususida ham so‘z yuritildi.

Tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech