5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Qatar davlati Tashqi ishlar vazirligi Inson huquqlari bo‘yicha departamenti direktori doktor Turki Abdulla al-Mahmud bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida Turki Abdulla al-Mahmud O‘zbekiston delegatsiyasiga tashrif uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. So‘ngi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va xalqlarimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zaro do‘stlik hamda hamkorligimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilganligi mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Keyingi uch yilda ikki davlat rahbarlari 6 marotaba uchrashganligi mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy darajadagi muloqot yanada jadallashganining yorqin belgisi ekaniga e’tibor qaratildi. Shuningdek, 2023 yil 19 dekabr kuni Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy A’lo Hazratlarining Toshkentga tashrifi doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ulkan yutuqlari uchun” mukofoti bilan taqdirlash marosimi yuksak darajada o‘tkazilgani Qatar jamoatchiligida katta taassurot qoldirgani ta’kidlandi.
O‘tgan yili Toshkent va Doha shaharlarida ikki davlat elchixonalari ochildi, mamlakatlarimiz o‘rtasida vizasiz rejim joriy etildi. Bularning barchasi, shubhasiz, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarda o‘zaro hamkorlikning jadal rivojlanishiga turtki bo‘lganligi suhbat asnosida alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, Turki Abdulla al-Mahmud 2024 yil oktyabr oyida BMT Inson huquqlari kengashida Qatar Davlatining 4-chi Universal davriy hisoboti ko‘rib chiqilishi haqida muxtasar to‘xtaldi. Joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand Forumiga taklif etilgani uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorchilik izhor etdi.
Tomonlar samimiy muloqot davomida inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida Qatar davlatining oqil rahbarlaridan bo‘lgan Amir Shayx Tamim A’lo Hazratlari ta’biri bilan aytilgan “Qatarda biz faqat ko‘priklar emas, balki aloqalarni barpo etamiz” iborasi yana bir bor tilga olindi. Ushbu uchrashuv doirasida erishilgan kelishuvlar ikki davlat idoralari o‘rtasida yaqin do‘stlik rishtalariga tamal toshi qo‘yilganidan dalolat berishi ham ayni shu purhikmat so‘zlarning amaliy isboti ekanligi mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.02.2024
- Ko'rishlar: 2009
- Chop etish