5-6-mart kunlari Toshkent shahrida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari: xalqaro andozalar va milliy amaliyot” mavzusida ikki kunlik o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Nogironlar assotsiatsiyasi va Nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda, Yevropa Kengashi Hamkorlik dasturlari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun “Qonun ustuvorligi” bo‘yicha HELP dasturi doirasida tashkil etildi.
Treningda asosiy e’tibor nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etish sohasida o‘zaro tajriba almashish va ilg‘or amaliyotlarni o‘rganishga qaratildi. BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini milliy va xalqaro darajalarda yanada samarali amalga oshirishga yordam beradigan aniq strategiya va uslublar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda Oliy Majlis palatalari, Oliy sud, huquqni muhofaza qilish organlari, manfaatdor vazirliklar, inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari, ilmiy hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Yevropa Kengashi maslahatchilari Yevgeniy Goloshapov va Kseniya Siminchuk, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Kotibiyatining katta huquqshunos-maslahatchisi Natalya Vorobeva ekspert sifatida so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘z videomurojaatida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi, shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ahvolini yaxshilash va inklyuziv jamiyat qurish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – ijtimoiy davlat deb e’lon qilingani mamlakatimizning ijtimoiy himoya va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlash borasidagi qat’iyatini amalda namoyon etishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani alohida ta’kidlandi. Shu asosda yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik izchil takomillashtirilib, bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlott Adrian o‘z nutqida O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini takomillashtirish sohasidagi hamkorlik muhimligini qayd etdi. Bunda, ayniqsa, yevropalik ekspertlar bilan O‘zbekistonning davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida tajriba almashish katta ahamiyatga ega.
Yevropa Kengashining “Markaziy Osiyoda HELP” loyihasi rahbari Kristina Xoxlova nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish Yevropa Kengashi faoliyatida katta o‘rin tutishini ta’kidladi. Xususan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari” bo‘yicha HELP dasturining mavzuli kursi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, milliy qonunchilikka moslashtirildi hamda bepul foydalanish uchun HELP platformasiga joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Mirzabek Niyozov nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning yangi tizimi haqida gapirdi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 1-iyundagi qarori bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy boshqarmalari va “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari yagona tizimga birlashtirilgani bunga yaqqol misoldir.
O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov tadbir ishtirokchilariga mazkur Assotsiatsiyaning faoliyati haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ayni vaqtda yurtimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining bajarilishi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlanayotganini qayd etdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisi Komil Abdullayev mamlakatimizda qabul qilingan 200 dan ortiq qonun hujjatida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga oid qoidalar o‘z ifodasini topgani xususida so‘z yuritdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 630 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti ayni yo‘nalishda samarali ish olib bormoqda. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya matni o‘zbek tilida va brayl alifbosida chop etildi.
O‘quv-seminarda xorijiy ekspertlar va milliy mutaxassislar nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish borasidagi bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Samarador amaliyot va strategiyalar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifatini oshirish va jamiyatga integratsiyalashishi uchun ko‘maklashishga qaratilgan normalar va qonunchilik tashabbuslarini amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.
Trening yakunida ishtirokchilar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qator tadbirlarning ahamiyati yuzasidan tavsiyalar qabul qilindi. Xususan, milliy qonunchilikni tahlil qilish va xalqaro standartlarga moslashtirish; davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari uchun tematik o‘quv dasturlarini joriy etish; jamoat joylarida, transportda, ta’lim muassasalarida va ishxonalarda to‘siqsiz muhitni ta’minlash; nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ish beruvchilarni rag‘batlantirish, kadrlar tayyorlash va kasbiy qayta tayyorlash, shuningdek, moslashtirilgan va inklyuziv ish o‘rinlarini yaratish dasturlarini ishlab chiqish tavsiya etiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 06.03.2024
- Ko'rishlar: 2105
- Chop etish