Samarqandda Osiyo ayollar forumi yakunlandi

13-14-may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusiga bag‘ishlangan Osiyo ayollar forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faol ko‘magi asosida tashkil etilgan mazkur forum zamonaviy jamiyatda va xalqaro maydonda xotin-qizlarning rolini mustahkamlash nuqtayi nazaridan beqiyos ahamiyatga egadir.

Forum yetakchi ekspertlar, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, akademik va biznes hamjamiyatlar vakillarining turli sohalarda xotin-qizlarning o‘rni va mavqeini oshirish masalalarini muhokama qilishlari uchun qulay muloqot maydoniga aylandi. Bu yerda ayollar huquqlari ta’minlanishini yanada rag‘batlantirish strategiyalari tahlil etildi va ayni masalalar bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi.

Forum doirasida BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qoidalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xalqaro, mintaqaviy va milliy tajriba muhokama qilindi. Ayollarga sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash, munosib mehnat, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar yuzasidan atroflicha fikrlashildi.

Shuningdek, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq milliy va mintaqaviy miqyosda ayollar huquq va manfaatlari hamda gender tenglikni ta’minlash borasida erishilgan yorqin natijalar munosib baholandi.

Ma’lumki, 2025-yilda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligi butun dunyoda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Samarqand forumida gender tenglik va ayollar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘lga kiritilgan yutuqlar sarhisob etilgani va bu yo‘lda uchragan yangi muammolar aniqlab olingani hamda ularni hal etish yechimlari tavsiya etilgani ayni muddao bo‘ldi.

Forumning yondosh sessiyalari ishida xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy huquqlari hamda imkoniyatlaridan tortib, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish muammolarigacha bo‘lgan keng ko‘lamli mavzular qamrab olindi.

Shu ma’noda, Samarqand 2024-yilda mezboni bo‘lgan Osiyo ayollar forumi uning ishtirokchilariga mintaqamiz va butun dunyoda ayollarning ahvolini yaxshilash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun noyob imkoniyat taqdim etdi.

Forum ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari D.Muratova ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech