21-may kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Tong yulduzi» yoritgan olam» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitob “Tong yulduzi” (avvalgi nomi “Lenin uchquni”) gazetasi tashkil topganining 95-yilligi munosabati bilan nashr etilgan.
Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farxod Boqiyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari, shoirlar, adiblar, jurnalist va pedagoglar ishtirok etdi.
Anjuman avvalida ishtirokchilar 1958 – 2001-yillarda “Tong yulduzi” gazetasida fotomuxbir sifatida faoliyat olib borgan Ravil Albekovning suratlar ko‘rgazmasidan bahramand bo‘ldilar.
Yurtimizning qariyb yarim asrlik tarixini aks ettirgan betakror fotolavhalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlagan fotosuratlar ko‘rgazmasi kitob taqdimotiga ulanib ketdi.
Taqdimot tadbirida so‘zga chiqqanlar e’tirof etganidek, kitobda “Tong yulduzi” gazetasida hozirga qadar nashr etilgan eng sara she’rlar, hikoyalar va publitsistik maqolalar, shuningdek, gazeta maktabidan yetishib chiqqan atoqli yozuvchi va shoirlarning o‘quvchilik davridagi unutilmas yodnomalari jamlangan. So‘zboshida gazeta bosh muharriri Feruza Soyibjon qizi shunday yozadi: “Ko‘plab taniqli adiblar, jurnalistlar, ijodkorlar bilan suhbatlashganimizda, ularning aksariyati “Tong yulduzi” maktabini o‘taganini, ilk ijod namunalari aynan shu nashrda e’lon qilinganini faxrlanib so‘zlashadi. Bu e’tiroflardan rag‘batlanib “Tong yulduzi”ning olis o‘tmishiga, nurli, sharafli yo‘liga nazar soldik. Qog‘ozga to‘kilgan marvaridlarni birma-bir terishga harakat qildik”.
Kitob to‘rt bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda san’atimiz va madaniyatimizning yorqin vakillari “Tong yulduzi” gazetasida nashr etgan asarlar, ikkinchi bo‘limda turli yillarda gazeta bosh muharriri bo‘lgan taniqli jurnalistlarning maqolalari, uchinchi bo‘limda yosh ijodkorlarning gazetada e’lon qilingan eng sara maqola, she’r va hikoyalari, to‘rtinchi bo‘limda esa gazetani qo‘llab-quvvatlab yozilgan tabrik va minnatdorlik xatlari kitobxonlar e’tiboriga havola qilingan.
Taqdimot tadbiri doirasida “Tong yulduzi” gazetasi bilan hamkorlik qilib kelayotgan tashkilotlar qatorida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi alohida e’tirof etildi. Darhaqiqat, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bolalar va o‘smirlarning inson huquqlariga oid bilimlarini oshirish, shu orqali ularda huquqiy madaniyatni shakllantirish borasida, ayniqsa, so‘nggi yillarda gazeta bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.
Jumladan, 2023-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75-yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari – bolalar nigohida” tanlovi o‘zaro hamkorlikda muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ikki bosqichda tashkil etilgan ushbu tanlovda mamlakatimizning barcha hududlaridan jami mingdan ortiq bolalar va o‘smirlar ijodiy ishlari bilan ishtirok etgani uning aholi orasida katta qiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi.
Ushbu tanlov har yili muntazam tashkil etilishi rejalashtirilgani va joriy yilda ham o‘tkazilayotgani diqqatga sazovor.
Shuningdek, inson huquqlarini targ‘ib etish borasidagi samarali faoliyati uchun 2023-yilda “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.
Salkam bir asrdan beri mamlakatimizdagi bolajonlarning eng sevimli nashrlaridan biri bo‘lib kelayotgan “Tong yulduzi” gazetasining yutuq va muvaffaqiyatlari bardavom bo‘lsin.
Azizbek Ramazonov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 21.05.2024
- Ko'rishlar: 1665
- Chop etish