OSTONA, 4-iyun. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning ommabop "Infozakon" elektron nashri "O'zbekiston vakili tarixda birinchi marta Inson huquqlari qo'mitasi a'zoligiga saylandi" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda shu yil 29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Inson huquqlari qo'mitasining 2025-2028-yillar uchun 9 nafar a'zosini saylash bo'yicha saylovlar bo'lib o'tgani ma'lum qilingan.
"Yashirin ovoz berish natijalariga ko'ra, O'zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo mamlakatlardan eng ko'p ovoz oldi. O'zbekiston vakilining IHQga saylanishi tarixiy voqeadir, chunki Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning ushbu asosiy organiga a'zo bo'ldi", – qayd etgan elektron nashr.
Maqola yakunida "Shubhasiz, O'zbekistonning ushbu nufuzli konvensiya organiga saylanishi mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv hamkorlik qilish orqali inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishga sodiqligini namoyish etish, qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shuningdek, bu borada ilg'or tajriba almashish imkonini beradi", – deb yozgan "Infozakon".
- Qo'shildi: 05.06.2024
- Ko'rishlar: 1561
- Chop etish