KUALA-LUMPUR, 4-iyun. /"Dunyo" AA/. Malayziyaning yetakchi "OIC Today" jurnalida "O'zbekiston vakili tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari qo'mitasiga saylandi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

"O'zbekiston tarixida birinchi marta mamlakat vakili 2025-2028-yillar uchun Inson huquqlari qo'mitasiga a'zo etib saylandi", – deyiladi maqolada.

 

Ta'kidlanganidek, saylovlar BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning 40-sessiyasi doirasida bo'lib o'tgan.

 

"Saylovda O'zbekiston bilan birga 16 ta davlat – Burundi, Gruziya, Misr, Hindiston, Ispaniya, Kamerun, Kot-d'Ivuar, Litva, Marokash, Paragvay, Koreya Respublikasi, Shimoliy Makedoniya, Togo Xorvatiya, Efiopiya va Janubiy Afrika vakillari 9 ta o'rin uchun kurash olib borishdi. O'zbekiston vakilining IHQga saylanishi tarixiy voqeadir, chunki u Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo'lib BMTning ushbu asosiy organiga a'zo bo'ldi", deya qayd etilgan nashrda.

 

Maqola yakunida "BMT e'tirofiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, oiladagi zo'ravonlikka qarshi kurashish, ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini ta'minlash, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari xususan, aholining zaif qatlamlari ahvoli, shuningdek, BMTning inson huquqlari kun tartibidagi barcha masalalar bo'yicha ochiq muloqotlar tufayli xalqaro maydonda salmoqli yutuqlarga erishildi", – deb yozgan "OIC Today".

Powered by GSpeech