Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonda «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish» mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tadi.

2024 yil 13-14 iyun kunlari o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasida oflayn va onlayn tarzda uchta yalpi majlis o‘tkazilishi mo‘ljallangan.  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir.  

Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o‘zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi. Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazidir.  

Xalqaro hamkorlardan biri – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning O‘zbekistondagi jamoasi hisoblanadi. Bu – BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasidir.

Shu bilan birga, hamkorlar orasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armalarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari bor.

Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashishi rejalashtirilgan. Xususan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo‘yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o‘zgarishi muammolari bilan shug‘ullanadigan mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari nufuzli tadbirga taklif etilgan.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech