Global iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga ta’siri:  aholi zaif qatlamlari duch kelayotgan muammolar talqinida

Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumining ikkinchi yalpi majlisida ayni mavzu bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Yalpi majlisga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili v.b. Anas Fayyad Qarman moderatorlik qildi.

 Ma’ruzachilar tomonidan global iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga ta’siri imkon qadar chuqur o‘rganildi. Bu borada BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi inson huquqlari bo‘yicha mutaxassisi Mindiya Vashakmadze hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Xayrullo G‘afforov so‘zga chiqdi.  

Muhokamalar onlayn tarzda ham davom etdi. Xususan, Insonning toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga bo‘lgan huquqi bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachi Astrid Puentes Riano, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Enn Mari Skelton, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi raisi Laura-Mariya Kras’hunean-Tatu, Indoneziya Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirining adliya, huquq va tartibga solish masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Mas Ahmad Santosaning fikr-mulohazalari Forum ishtirokchilarini befarq qoldirmadi.

Sessiya davomida o‘zgarayotgan iqlim bilan bog‘liq sharoitda aholi zaif qatlamlarining huquqlarini ta’minlash bo‘yicha aniq strategiyalarni taqdim etishda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va jamoat institutlarining roliga atroflicha e’tibor qaratildi. Bu boradagi ilg‘or xalqaro tajriba va eng maqbul milliy amaliyotlar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda Qozon Federal universiteti Inson huquqlari, xalqaro huquq va integratsiya muammolari ilmiy-ta’lim markazi direktori, yuridik fanlar doktori, professor Rustem Davletgildiyev, Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Inson huquqlari bo‘limi boshlig‘i Aysel Yagubova, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondining O‘zbekistondagi Texnik kotibiyati rahbari O‘ktam Abdurahmonov ishtirok etdi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan huquqshunos, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti xalqaro huquq kafedrasi mudiri Aslan Abashidze, XMTning Janubi-Sharqiy Yevropa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi Migratsiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassisi Soumyadeep Banerdji, Mo‘g‘ulistonning Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tahlil markazi ijrochi direktori Dulguun Damdin-Od, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasining Huquq va milliy xavfsizlik instituti professori Andrey Nikolayev va dotsent Kristina Keburiya, Yevropa Kengashi Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasining Strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Sergey Dikman onlayn-munozaralarda qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar, jumladan, global iqlim o‘zgarishi sharoitlarida inson huquqlarining buzilishi holatlari oqibatida aholining zaif qatlamlari duch keladigan yaqqol xatar va muammolar ko‘lamini tahlil etdilar. Bunday xatarlarni bartaraf etish va iloji boricha kamaytirishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga alohida urg‘u berildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech