Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi o‘z ishini boshladi

Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha IV forum o‘z ishini boshladi. An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro anjumanning bu galgi mavzusi «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrikni Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Forumdagi kirish so‘zida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov  iqlim va inson huquqlari muammolari muhokama qilinadigan ushbu xalqaro anjuman O‘zbekiston Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasidagi (SOP28) nutqida ilgari surilganini ta’kidladi.

Shundan keyin BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk hamda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchining videomurojaatlari namoyish etildi.  

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl ishtirokchilarni tabriklab, mazkur nufuzli anjuman mavzusi juda dolzarbligi, muhokama qilinadigan mavzular ahamiyati yuqori ekanini qayd etdi.  

Spikerlar Samarqand forumi ishiga muvaffaqiyat tilar ekan, keskin ekologik muammolar kuchaygan bir sharoitda inson huquqlari himoyasiga e’tibor kuchaytirilishi bir hudud yoki mintaqa emas, balki butun dunyo – insoniyatga daxldor masala ekanini e’tirof etdi. 

Forumda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida O‘zA saytida yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!           

Norgul Abduraimova,

Alisher Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech