Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyundagi 354-son qarori bilan “Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar “Inson” markazlari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar, boshqa jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik holati to‘g‘risida quyidagi shakllarda:

  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimga;
  • ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga yoki bevosita profilaktika inspektorlariga;
  • “112” yagona dispetcherlik xizmati hamda 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni”ga murojaat qilinadi.

Murojaat bo‘yicha 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

  • xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;
  • ijtimoiy xodim xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining holatini dastlabki tarzda baholash choralarini ko‘radi;
  • profilaktika inspektori xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtiradi hamda zaruratga ko‘ra birlamchi ko‘mak xonalariga joylashtirish uchun tegishli dalolatnomani rasmiylashtirishga doir choralarni ko‘radi;
  • ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori tomonidan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari ularning roziligi asosida birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtiriladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech