Bugungi globallashuv jarayonida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, konstruktiv tashqi siyosatni olib borishda parlament diplomatiyasining o‘ziga xos o‘rni mavjud. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan izchil va oqilona islohotlari, pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosati mamlakatimiz parlamentining hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
2024-yil 1-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning Saudiya Arabistoni Sho‘ro Kengashi “Saudiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi Muhammad bin Abdulaziz al-Jarba boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida ta’kidlanganidek, tarixiy rishtalar, mushtarak qadriyatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zaro aloqalar so‘nggi yillarda davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi bilan sifat jihatidan yangi bosqichgatko‘tarildi.
Xususan, ikki davlat o‘rtasida savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda, “Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, IT va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” va “Vision-2030” strategik dasturlarining maqsad va vazifalari o‘xshash ekani ta’kidlandi. Delegatsiya a’zolariga Strategiya doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Qonunchilik palatasi faoliyati, qonun ijodkorligi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mita ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.
Samimiy ruhida kechgan uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik va keng ko‘lamli sheriklik yanada kengayib borayotgani, siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.
Muloqotda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xususan, do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro tashriflar almashinuvini davom ettirish,
Ar-Riyod va Jidda shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni o‘tkazish, turizm, axborot-kommunikatsiya texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, “Saudiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik qo‘mitasi raisi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida keng qamrovli aloqalar rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, ikki davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori amaliy sa’y-harakatlarda yaqqol namoyon bo‘layotgani aytildi.
Delegatsiya rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning barcha jabhada jumladan, turizm sohasida keng va katta imkoniyatlarga egaligini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro hamkorlik aloqarini yanada rivojlantirishga ishonch bildirdi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.
Delegatsiya a’zolarining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
- Qo'shildi: 01.07.2024
- Ko'rishlar: 1441
- Chop etish