16-yanvar kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining bakalavriat bosqichi talabalari, magistratura bosqichi tinglovchilari va doktorantlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu muloqot “Akademik va yoshlar” rukni doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” hamda “Xalqaro huquqning zamonaviy tendensiyalari” mavzulari muhokama qilindi. Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati va yoshlarning bu boradagi roli haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Akademik A.Saidov Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari, erkinliklari va demokratiyaga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidlab, yurtimizning xalqaro maydondagi imijini yaxshilash va inson huquqlari bo‘yicha yuqori standartlarga erishishdagi sa’y-harakatlar haqida ham to‘xtaldi. Tadbirda yuzdan ziyod talaba yoshlar, magistr va tadqiqotchilar faol ishtirok etdi.
Muloqot davomida, shuningdek, jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlari, inson huquqlari sohasidagi xalqaro prinsiplar hamda davlatlararo hamkorlikning ahamiyati haqida fikr almashildi. Xalqaro huquq tizimidagi zamonaviy o‘zgarishlar va ularning inson huquqlarini ta’minlashdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yoshlar uchun bilim va ko‘nikmalarni oshirish, inson huquqlari sohasida ilmiy-nazariy bilimlarni chuqurlashtirish va amaliyotga yo‘naltirish uchun muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, talabalarga huquq sohasini o‘rganishning ahamiyati, adabiyot va huquq o‘rtasidagi uzviylik kabi masalalar yuzasidan ham qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv yoshlarning inson huquqlari va xalqaro huquq yo‘nalishidagi salohiyatini oshirish, ularning jamiyat va davlat ishlaridagi ishtirokini yanada faollashtirishga yo‘naltirilgan muhim tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida akademik A.Saidov Huquqni muhofaza qilish akademiyasining faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda ilm-fan va o‘quv jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O'zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
- Qo'shildi: 17.01.2025
- Ko'rishlar: 460
- Chop etish