O‘zbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga oid milliy mexanizmlar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining parlament saylovidan keyingi ilk yig‘ilishida davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratgan masalalardan biri – yosh avlod himoyasi bo‘ldi. Prezidentimiz jamiyatda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari kuzatilayotganini ta’kidlab, bunday milliy qadriyatlarimizga zid illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borish zarurligini qat’iy belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining ushbu masalani shaxsan o‘z nazoratiga olishi – O‘zbekistonda bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligining yaqqol ifodasidir.

11 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari uyida o‘z ishini boshlagan “O‘zbekiston Respublikasining bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ushbu majburiyatlarni bajarishning milliy mexanizmlari” mavzusidagi ikki kunlik seminarda shu haqda co‘z bordi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

Seminar O‘zbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish va Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yanada samarali amalga oshirish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqiladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavludaxon Xodjayeva, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘limining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher o‘z tabrik so‘zlari bilan seminarni ochib berdi.

Xususan, A.Saidov ta’kidlaganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 mln nafarni, ya’ni jami aholining qariyb 35 foizini tashkil etadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston uchun bola huquqlarini ta’minlash masalasi prinsipial ahamiyatga ega hisoblanadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992 yil 9 dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar qatorida birinchi bo‘lib Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgan. Mamlakatimiz 2008 yil 11 dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir “Bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokol”ni, 2008 yil 12 dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir “Bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokol”ni ratifikatsiya qildi.

Hozirgi kunda BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining murojaat qilish jarayonlariga taalluqli 3-Fakultativ protokoliga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi masalasi ekspertlar darajasida o‘rganib chiqilmoqda. Mazkur hujjatning mamlakatimiz parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mavluda Xodjayeva e’tirof etganidek, Konstitutsiyaning 78-moddasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi belgilab qo‘yilganligi e’tiborga molik.

O‘zbekiston o‘tgan davr ichida 80 dan ziyod xalqaro shartnomaga qo‘shilgan. O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarga so‘zsiz amal qilishga, bolalarning huquqlarini himoya qilishga katta ahamiyat qaratgan davlatlardan biridir. Bu majburiyatlarning ijrosi yuzasidan milliy maruzalar BMTning va boshka xalqaro tashkilotlarning tegishli qo‘mitalariga taqdim etib kelinmoqda.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Regina Kastijio so‘zlariga ko‘ra, parlamentning roli mamlakat qonunchilik bazasi va siyosatining BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi kabi xalqaro inson huquqlari shartnomalari doirasidagi majburiyatlarga muvofiqligini ta’minlashdan iborat. Qonunchilik, byudjet va himoya sohasidagi parlament nazorati bolalar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun sharoit yaratishga yordam beradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda. Mamlakatda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinib, ular asosida bolalarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi.

Muhimi, qabul qilinayotgan qonunlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy etishga xizmat qilmoqda. Mamlakat o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT konvensiyaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy hisobot taqdim etildi.

Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bola huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mavjud qonunlarni takomillashtirish va yangi qonunlar qabul qilish orqali huquqiy asosni mustahkamlamoqda. Jumladan, 2024 yil 14 noyabrda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”, 2024 yil 29 fevralda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingani buning yaqqol namunasidir.

Tadbirda so‘zga chiqqan ekspertlar Yangi O‘zbekistonda bola huquqlari sohasidagi islohotlar qat’iy, uzviy va izchil tarzda davom ettirilayotganiga e’tiborni qaratdilar. Bu boradagi samarali sa’y-harakatlar milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tirof etildi.

Xususan, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sofi Kiladze e’tiroficha, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning fakultativ protokollarida mustahkamlab qo‘yilgan huquqlarni himoya qilish va rag‘batlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhim o‘rin tutadi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy qoidalari, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Parlament nazoratining samarali mexanizmlari orqali bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida muhim natijalarga erishilayotgani haqida ham batafsil so‘z yuritildi.

Seminar o‘z ishini 12 fevralda davom ettiradi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

UzDaily.uz

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech