Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2026-yil davomida ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari ro‘yxatida “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini tasdiqlashga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi” farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Farmon loyihasi shaxs qadr-qimmati, turmush darajasi va farovonligini oshirishning eng muhim va zaruriy sharti sifatida O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Farmon loyihasi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishning ustuvor maqsadlarini belgilash va samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmatni shakllantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘sini yanada oshirish maqsadiga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat.

Shuningdek, Farmon loyihasi bilan quyidagilarni tasdiqlash nazarda tutilgan:

“Inson huquqlari – 2030” strategiyasi;

“Inson huquqlari – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;

Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini o‘tkazish reglamenti;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim hujjatlari ro‘yxati.

“Inson huquqlari – 2030” strategiyasi 12 ta bobdan iborat bo‘lib, unda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarining joriy holat tavsifi, Strategiyaning maqsad va vazifalari, Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirishning asosiy prinsiplari, Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar, Strategiyani amalga oshirishni monitoring qilish va hisobot berish tartibi, Strategiyani amalga oshirishning moliyaviy va resurs ta’minoti, Strategiyani amalga oshirish samaradorligini baholash mexanizmi kabi masalalar o‘z ifodasini topgan topgan.

“Inson huquqlari – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 4  ta ustuvor yo‘nalishdan iborat “natija” ko‘rsatkichlari va “bevosita faoliyat natijasi” ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan. Bu o‘rinda:

birinchidan, inson huquqlari sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish;

ikkinchidan, aholining ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish hamda inklyuziv va ijtimoiy adolatli jamiyatni shakllantirish;

uchinchidan, inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish va inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimini rivojlantirish;

to‘rtinchidan, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro majburiyatlar ijrosini ta’minlashdan iborat ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z bormoqda.

Shunday qilib, Farmon «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosini ta’minlash, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.adliya.uz) joylashtirilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 27.07.2026 Ko'rishlar 19
Ulashish