Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Samarqand forumi: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligi

28-sentyabr kuni poytaxtimizda ish boshlagan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumining Yuqori darajadagi majlisi «Xalqaro majburiyatlardan – samarali amalga oshirishga: inson huquqlari sohasidagi milliy implementatsiya mexanizmlarining roli» mavzusidagi yubiley majlisiga ulanib ketdi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 30-yilligiga bag‘ishlandi.

Samarqand forumining yubiley majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Robaxon Mahmudova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Ag‘zamova, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti prezidenti Vasip Shahin, Tailand Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissari Suchart Setthamaline,  Turkiya Respublikasi Ombudsmani Ertunch Erkan Balta, Qatar Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasi raisining o‘rinbosari, Osiyo-Tinch okeani forumi boshqaruv qo‘mitasi a’zosi Muhammad bin Sayf al-Kuvayriy, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy huquqiy koordinatori Zhala Azizova, Xalqaro yuristlar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Temur Shakirov, Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi prezidenti Azamat Shambilovning ma’ruzalari tinglandi.

Muhokamalarda, shuningdek, Milliy inson huquqlari institutlari global alyansi raisi, Marokash Inson huquqlari milliy kengashi prezidenti Amina Buayach,  Xitoy inson huquqlarini o‘rganish jamiyati ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Yana Lantratova, Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi rahbari Anvar Sabirov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari bo‘yicha kengash va shartnoma mexanizmlari bo‘limi shartnoma organlari salohiyatini oshirish dasturining inson huquqlari bo‘yicha xodimi Mari-Ev Buaye-Fridrix, «UPR Info» xalqaro nohukumat tashkiloti Ijroiya kengashi raisi Janni Magazzeni onlayn ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Ishtirokchilar qayd etganlaridek, 2026-yil – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 30-yilligi hamdir. O‘tgan o‘ttiz yil mobaynida Milliy markaz inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni ilgari surish, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlash, BMTning inson huquqlari bo‘yicha tizimlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda inson huquqlari sohasidagi ta’lim, tadqiqot va institutsional rivojlanish masalalarida yetakchi o‘rin tutib kelmoqda.

Ushbu yubiley sanasi milliy institutlar hamda Ijro etish, hisobot berish va monitoring bo‘yicha milliy mexanizmlarning xalqaro majburiyatlarni amaliyotga samarali tatbiq etishdagi o‘rni va rolini baholash uchun keng imkoniyat beradi. Shu nuqtayi nazardan, ayni majlis Milliy markazning 30-yilligini nishonlash bilan birga, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishda Ijro etish, hisobot berish va monitoring bo‘yicha milliy mexanizmlarning ortib borayotgan rolini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylangani bejiz emas.

Muhokamalarda asosiy e’tibor idoralararo muvofiqlashtirish, milliy mexanizmlar va ilg‘or xalqaro tajribaga qaratildi. Ishtirokchilarning e’tiroficha, Forum doirasidagi qizg‘in muloqotlar inson huquqlari standartlarini milliy darajada joriy etishni kuchaytirish, rivojlanish huquqini ilgari surish va zamonaviy muammolarga qarshi kurashda global hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqishga munosib hissa qo‘shadi.

Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi doirasida «Capstone Project Uzbekistan» inson huquqlari bo‘yicha ta’lim dasturi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. G‘oliblarga mukofotlarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Niderlandiya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi rahbari o‘rinbosari Martin Van Buyuren hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi prezidenti Azamat Shambilov topshirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.09.2026 Ko'rishlar 53
Ulashish