Bryusselda «O‘zbekiston-YeI» parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

BRYuSSEL, 1 fevral. /«Dunyo» AA/. Kecha Bryusselda «O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi» parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasining 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

YeI delegatsiyasiga Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisining o‘rinbosari  Atije Alieva-Veli boshchilik qildi.

Yevropa tomoniga O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi rivojlanish strategiyasi mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Yevroparlament a’zolari O‘zbekiston tomonining ushbu dasturilamal hujjatni hayotga tadbiq etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv chog‘ida Oliy Majlis va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Pandemiya sharoitida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, bu borada texnik hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, energetika va infratuzilma loyihalari, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish, qishloq taraqqiyoti va ekologik barqaror qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga  alohida e’tibor qaratildi.

Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, jumladan, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, qayta tiklanadigan energetikani qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish, sayyohlik va ta’lim almashinuvlarini rag‘batlantirish xususida fikr almashildi.

Tomonlarni qiziqtirgan deyarli barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Yig‘ilish ishtirokchilari barcha darajadagi faol aloqalarni  davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralarda erishilgan muhim yutuqlar e’tirof  etilishi barobarida Bryusselga rejalashtirilgan oliy darajadagi tashrifi chog‘ida ushbu hujjatni imzolash uchun ushbu jarayonni tezroq yakunlash muhimligi ta’kidlandi.

Yevropa tomoni respublikada adliya, ichki ishlar, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy siyosat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan qarshi oldi. Yevropa parlamenti 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonda Prezidenti saylovini kuzatish uchun birinchi marta o‘z delegatsiyasini yubordi.

Uchrashuv ishtirokchilari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning ayrim jihatlari, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish yuzasidan ham fikr almashdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar kelasi yil Toshkentda navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

 

Powered by GSpeech