Muqobil ma’ruza tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirish istiqbollari

2022 yil 12 aprel kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil ma’ruza tayyorlashda nodavlat notijorat tashkilotlarning salohiyatini oshirish” mavzusida seminar-trening o‘z ishini boshladi.

Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YuNISEF, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha hamkorlik tuzilmasi tomonidan tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov trening ishtirokchilarini qutlar ekan, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yil 7 iyunda ratifikatsiya qilinganini qayd etdi. Konvensiyaning asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari tenglik asosida to‘liq amalga oshirilishini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashdan iboratligi alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, milliy qonunchilikni takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan jamoatchilik monitoringini o‘tkazish, xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha milliy va muqobil ma’ruzalar tayyorlash jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etmoqda.

Bu omil, ayniqsa,  BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini nafaqat ratifikatsiya qilish, ayni chog‘da, uning ijrosini ta’minlash jarayonlariga ham davlat tuzilmalari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlar keng jalb etilgani misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Yurtimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar jamoat fondi, O‘zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, O‘zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o‘smirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi, “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati shular jumlasiga kiradi.

Mazkur nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.

Konvensiya ratifikatsiya qilingandan so‘ng uning ijro etilishi sohasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrda tasdiqlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:

  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirildi;
  • Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maksadida subsidiya ajratib borish tizimi joriy etildi. Bunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2022 yildan boshlab har yili tanlov asosida 20 nafargacha nogironligi bo‘lgan iqtidorli yoshlarning yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida, shu jumladan onlayn kurslarda ta’lim olishi belgilandi.

Bundan tashqari, Konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi xalqaro ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan berilgan takliflar asosida takomillashtirildi. Milliy harakatlar rejasini Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasiga kiritish rejalashtirilgan.

Ma’lumki, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida ishtirok etuvchi davlatlar Konvensiyani ratifikatsiya qilganidan so‘ng dastlab 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta milliy ma’ruza taqdim etib borishi zarur.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining daslabki milliy ma’ruzasini 2023 yil iyul oyida topshirish mo‘ljallangan. Shu bilan birga, BMTning tegishli qo‘mitalari fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan taqdim etiladigan muqobil ma’ruzalarni olqishlaydi.

Bu, o‘z navbatida, davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillarini yanada faol bo‘lishga chorlaydi. Shu munosabat bilan joriy seminar-treningda O‘zbekistonning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil ma’ruza tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Trening davomida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya – huquq standartlari va unsurlari”, “BMT Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining milliy ma’ruzalarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyati tahlili”, “Muqobil ma’ruzalarni tayyorlashga doir talablar” kabi mavzular muhokama qilinadi.

Mashg‘ulotlarga BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi milliy dasturlari muvofiqlashtiruvchilari Erkin Isaqulov va Yuliya Voslava trenerlik qilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

UzDaily.uz

Barqaror rivojlanish markazi Telegram kanali

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati»

DunyoAA

Powered by GSpeech