BMTning Taraqqiyotni muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha byurosida uchrashuv

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi A.Saidov BMTning Taraqqiyotni muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha byurosi direktori o‘rinbosari R. Kalapurakal bilan uchrashdi.

 

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda bugungi kunda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasida aholining barcha toifalari va fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtiroki ta’minlangani, shuningdek, mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan Bosh Qomusga qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha rejalashtirilgan referendum borasida gapirib berildi.

 

R.Kalapurakal O‘zbekiston tomonini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi. U mazkur tadbir BMT, uning ixtisoslashgan idoralari, shuningdek, a’zo davlatlarni O‘zbekistonning Asosiy qonunini takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlari bilan kengroq tanishtirishga xizmat qilganini alohida ta’kidladi.

 

Davra suhbatida bildirilgan fikr-mulohazalar va baholar, R.Kalapurakalning ta’kidlashicha, mamlakatimizning yanada ravnaq topishi, xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan.

 

BMT vakili O‘zbekiston va global tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni tomonlarni qiziqtirgan sohalarda mustahkamlashda bundan keyin ham qo‘iaklashishga tayyorligini tasdiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech