Federiko VILEGAS: “Inson huquqari sohasidagi ta’lim bo‘yicha sa’y-harakatlari uchun O‘zbekistonga rahmat aytaman”

– Ma’lumki, BMTning men boshqarayotgan Kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat bo‘lib, butun dunyoda barcha inson huquqlari rag‘batlantirilishi va himoya qilinishi uchun BMTning asosiy mas’ul organi hisoblanadi,  – dedi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi, elchi Federiko Vilegas. – Kengashimiz BMT Bosh Assambleyasining tegishli mandatiga ega.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash 2006 yilda tuzilgan davrdayoq  xalqaro hamjamiyat inson huquqlari sohasidagi ta’lim ushbu organ shug‘ullanadigan ustuvor sohalardan biriga aylanishini chuqur anglagan. Shu ma’noda, inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid ayrim fikrlarimni bayon etmoqchiman.

         Gap shundaki, bugungi kunda jahon ahli tinchlikka, dunyoning bugungi manzarasiga bemisl ta’sir ko‘rsatadigan uchta voqelikni boshidan kechirmoqda. Bular – pandemiya inqirozi, iqlim o‘zgarishi va Yevropaning qoq yuragida kechayotgan hamda global oqibatlarga ega urushdir.

Bu voqealarning barchasi inson huquqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qiladi. Shunday ekan, ushbu voqealarga inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashish  – bunday kulfatlarni yengib o‘tish va kelgusida yana takrorlanishi oldini olishning eng maqbul yo‘lidir.

Bunday inqirozlarning oldini olish uchun inson huquqlari sohasiga oid yetuk normalar va institutlarga ega bo‘lishimiz talab etiladi.

Binobarin, rang-baranglik qadriyatlarining ahamiyatini e’tirof etish, jamiyatni farovon qilish va nizolarga barham berish uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limdan maqbulroq ta’sirchan vosita bormi?

Aholining o‘ta zaif  qatlamlari huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotga erishishda inson huquqlari sohasidagi ta’lim yangi yaxshi imkoniyat emasmi?

Nizolar va mojarolar bo‘lib o‘tganidan keyin jamiyatning ijtimoiy ahvolini tiklashda inson huquqlari sohasidagi ta’limdan shifobaxshroq malhamni topib bo‘ladimi?

Shu ma’noda, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatidagi faoliyati o‘z munosib samaralarini berayotganini amalda ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, Samarqand Global forumi misolida inson huquqari sohasidagi ta’limga oid tashabbusi va sa’y-harakatlari uchun O‘zbekistonga alohida rahmat aytaman.

 

G‘ulom MIRZO yozib oldi

Powered by GSpeech