Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi

2022 yil 6 dekabrda Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» Global forumi o‘z ishini davom ettirdi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Global forumning ikkinchi yalpi majlisida butun dunyoda inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi yosh pedagoglarning ilg‘or tajribasini ommalashtirishga qaratilgan hujjatli loyiha muhokama qilindi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va o‘qitish bo‘limi muvofiqlashtiruvchisi Yelena  Ippoliti hamda mazkur bo‘lim xodimi Paulina Tandiono ayni mavzuda o‘z ma’ruzalarini taqdim etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda takomillashtirish zarur. Shu nuqtai nazardan, Global forumning uchinchi yalpi majlisi bu boradagi ilg‘or tajribalar to‘g‘risida axborotlar almashish va shu asosda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga bag‘ishlandi.

YuNESKO Bosh direktorining Ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Jannini hamda Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Duarte Pachekoning videomurojaatlari tinglandi. Shuningdek, AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi koordinatori, “The Bukharian Ties” gazetasi Bosh muharriri Rafael Nektalov so‘zga chiqdi.

Global forumning Yakuniy hujjatini qabul qilish masalasi to‘rtinchi yalpi majlisda ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilarning taklif-tavsiyalari asosida “Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi (2023–2025)” qabul qilindi.

Shundan so‘ng Global forumning yopilish marosimi bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari ta’limi bo‘yicha mintaqaviy vakili v.b. Fabio Piana tashkilotchilar tomonidan Global Forumda ishtirok etganlari uchun barcha xalqaro tashkilotlar vakillariga, milliy va xorijiy ekspertlarga, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, ta’lim muassasalari, akademik jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga minnatdorchilik bildirdilar.

Global forumda:

  • BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish natijalari muhokama qilindi;
  • inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda yondashuvlarni qo‘llash masalasi tahlil qilindi;
  • inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha qo‘lga kiritilgan eng samarali tajriba va amaliyotni o‘rganish, targ‘ib qilish va joriy etish holati hamda imkoniyatlariga baho berildi;
  • Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Eng muhimi, Global forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat, milliy hukumatlar, o‘quv va ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan vazifa, taklif va tavsiyalar o‘z ifodasini topdi. Ularni quyidagi yo‘nalishlarga, ya’ni:

birinchi yo‘nalish – inson huquqlari sohasida uzluksiz ta’lim va tarbiyaga xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi innovatsiyalarni joriy qilish, mustahkam hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, ilg‘or tajribalar bilan almashinish va moliyalashtirishni kengaytirish;

ikkinchi yo‘nalish – inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy tillarga tarjima qilish va tarqatishga ko‘maklashish;

uchinchi yo‘nalish – hamkorlikda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim dasturlari, o‘quv kurslari hamda amaliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;

to‘rtinchi yo‘nalish – inson huquqlari sohasidagi ilmiy va o‘quv adabiyotlar bilan tizimli ta’minlash maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-resurs markazlari, shuningdek, tegishli nashriyotlar faoliyatini tashkil qilish;

beshinchi yo‘nalish – yoshlar o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi ta’limga e’tiborni kuchaytirish, inson huquqlari o‘quv kurslarini ta’lim, malaka oshirish muassasalarining rejasiga kiritish;

oltinchi yo‘nalish –  inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqot, ta’lim va tarbiya, targ‘ibot faoliyatini amalga oshiradigan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchi-pedagoglarni rag‘batlantirish;

yettinchi yo‘nalish – inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga ko‘maklashish yo‘nalishlariga ajratish mumkin.

Global forum yakunida forum ishtirokchilarining tajribasi ushbu vazifalarni amalga oshirishga yaqindan yordam berishiga ishonch bildirildi. Chunki bunda “ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, degan tamoyilga amal qilib, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani oilada, maktabgacha ta’limda, maktab yoshida, oliy ta’limda, sud va huquqni muhofaza qilish organlari kabi professional institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari orqali uzluksiz davom ettirish muhim ahamiyatga ega.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech