Islomda inson huquqlari: tarix va bugun

Bugun O‘zbekiston  Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda “Islomda inson huquqlari: tarix va hozirgi davr” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya o‘zbek milliy davlatchilik tarixining ajralmas qismi bo‘lgan islom huquqida inson huquqlari mustahkamlanishi va ta’minlanishi, yurtimizdan yetishib chiqqan islom huquqshunoslari asarlarida inson huquqlarining yoritilishi, zamonaviy musulmon mamlakatlari qonunlarida hamda islom tashkilotlari tomonidan qabul qilingan xalqaro-huquqiy hujjatlarning amal qilishi masalasiga bag‘ishlandi.

Konferensiyada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, huquqshunoslik oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etdi. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, yuridik fanlar doktori, professor A.X.Saidov yig‘ilishni ochib berarkan, islom huquqshunosligining ahamiyati, buyuk ma’naviy merosimizni keng ommaga targ‘ib qilish bugungi kunning muhim masalalardan biri bo‘lib turganiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Anjumanda musulmon mamlakatlarida inson va fuqarolar shaxsiy huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlari, inson huquqlarini ta’minlashda Islom Hamkorlik Tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, Islom huquqida ta’lim, Islomda diniy bag‘rikenglik va boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar huquqlarining himoyasi, Islomda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqi kabi masalalar keng tahlil qilindi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi konferensiyalar milliy davlatchiligimiz tarixini chuqur o‘rganish, uni yosh avlodga  yetkazish, bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, qolaversa, musulmon mamlakatlarida inson huquqlarini ta’minlash mexanizmlari bilan tanishish borasida alohida  ahamiyatiga ega. 

                                                                                               O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

QMPTI

Powered by GSpeech