O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu yil 7 avgustda “Bolalarni davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishning ma'muriy reglamentiga o'zgartirishlar va qo'shimcha kiritish to'g'risida”gi qaror qabul qilindi. Bundan ko'zlangan maqsad bolalarni davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish hamda aholiga davlat xizmatlari ko'rsatishda qulayliklar yaratishdir.
Qarorga muvofiq, maktablarga qo'shimcha kvota bo'yicha qabul maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib, tegishli mikrohudud bo'yicha asosiy kvotaga tushmagan bolalar uchun amalga oshiriladi.
Ilgari qo'shimcha kvota – maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, ya'ni tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to'ladigan, shuningdek, maktablarda ta'lim berish tili bo'yicha boshlang'ich bilim va muloqot qilish ko'nikmasiga ega bo'lmagan bolalar uchun ajratilar edi.
Bolalarni maktablarga qo'shimcha kvota asosida qabul qilish jarayoni endilikda Davlat xizmatlari markazlari orqali emas, balki maktab direktorlari tomonidan amalga
oshiriladi. Hukumat qarorida ushbu qabul jarayoni 10 avgustdan 31 avgustga qadar amalga oshirilishi belgilandi.
Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-sonli qaroriga ko'ra, Toshkentdagi 81ta maktabda 1-sinfga qabul uchun tajriba sifatida pulli qabulni ko'zda
tutuvchi yangi tizim joriy qilingandi. Bunda tanlab olingan maktablarga qabul asosiy va qo'shimcha kvota asosida tashkil etilishi hamda qo'shimcha kvota uchun ota-ona pul to'lashi aytilgandi.
Bundan tashqari qo'shimcha kvota bo'yicha umumta'lim muassasalariga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan nazarda tutilgan holatlarning har bir bandi bo'yicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam oylik ish haqining 10 baravaridan kam bo'lmagan miqdorda bir martalik yig'imlar undirilishi ko'zda tutilgandi.
Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga muvofiq, maktablarga bolalarni qo'shimcha kvota bo'yicha qabul qilishda undiriladigan to'lov bekor qilindi.
Shu o'rinda 2019 yil 6 avgustda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan o'tkazilgan brifing tafsilotlariga e'tibor qaratish joiz. Tadbirda Akmal Saidov bolalar huquqini himoya qilish maqsadida, turar joy va fuqaroligidan qat'i nazar, barcha ijtimoiy xizmatlar ko'rsatilishi kafolatlanishini ta'kidladi.
Jumladan, "So'nggi vaqtda ijtimoiy tarmoq va aholi o'rtasida ko'plab bahs-munozaralarga sabab bo'lgan umumta'lim maktablarining pulli qilinishi va shu kabi
masalalarning barchasi – asossiz da'vo”, deb bayonot berdi Markaz direktori. Binobarin, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Shuhrat Nomozboev,
«Demokratlashtirish va inson huquqlari»
jurnali katta muharriri
- Qo'shildi: 09.08.2019
- Ko'rishlar: 7015
- Chop etish