Toshkentda gender va yoshlar masalalari bo'yicha hamkorlikni rivojlantirishga bag'ishlangan xalqaro forum boshlandi.
O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi tomonidan qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjuman ishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari mas'ul xodimlari hamda BMT, YEXHT DIIHB, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda. Tadbirni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbaeva ochiq deb e'lon qildi.
Senat raisi gender tenglikni ta'minlash va yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash masalalari butun dunyoda o'z dolzarbligini yo'qotmaganini ta'kidlab o'tdi. Bu bejiz emas, chunki gender tenglikka erishish va yoshlar salohiyatini ro'yobga chiqarish jamiyat hayotining barcha jabhalarida barqaror taraqqiyotga erishish uchun asosiy poydevor yaratib beradi.
Mazkur yo'nalishdagi samarali siyosat umr ko'rish davomiyligi, ta'lim sifati, bandlik va, umuman, rivojlanishning belgilangan ko'rsatkichlariga erishishga ko'maklashadi. Aynan shu sababli
O'zbekistonda bu masalalar davlatimizning doimiy diqqat markazida.
Joriy yilda bu yo'nalishda muhim qadamlar qo'yildi. Jumladan, xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida esa Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi faoliyat boshladi. Gender tenglikni ta'minlash bo'yicha sezilarli qadamlar qo'yildi. Shu maqsadga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, davlat boshqaruvida xotin-qizlarning o'rnini kuchaytirishga e'tibor qaratilmoqda.
Biroq, mamlakatda xotin-qizlar aholining yarmidan ko'pini tashkil etishiga qaramay muhim qarorlar qabul qilinishida ularning o'rni hali yetarli emas. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar salmog'i hamon kamligicha qolmoqda.
Xalqaro anjumanning ochilishida BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, Xalqaro Migratsiya tashkiloti vakili Argentina Sabadosh, YUNFPA vakili Alana Armitaj, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matil`da Dimovska o'z fikrlarini bildirib o'tdi, deb xabar berdi O'zA.
Forum doirasida xalqaro ekspertlar hamjamiyati vakillari jamiyat va davlatni boshqarishda xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ular manfaatlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha O'zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari bilan tanishdi.
Xavfsiz mehnat migratsiyasini tartibga solish va ta'minlash, odam savdosiga qarshi kurashish, mazkur turdagi transchegaraviy jinoyatlar qurboni bo'lgan shaxslarni, shu jumladan xotin-qizlar va yoshlarni himoya qilish sohasida ham O'zbekiston Respublikasi so'nggi uch yilda katta natijalarga erishgani ta'kidlandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo'llab-quvvatlash hamda huquqlari va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi tashkil etildi. Mintaqada yagona bo'lgan va davlat tomonidan to'liq moliyalashtiriladigan Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo'yicha respublika reabilitatsiya markazi faoliyat ko'rsatmoqda.
Forum sessiyalarida ekspertlar gender tenglikni ta'minlash, yoshlarning jamiyatdagi o'rnini kuchaytirish, mehnat migrantlari manfaatlarini himoya qilish masalalarida kelgusida amalga oshirilishi zarur bo'lgan masalalarga e'tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
(O'zA fotosuratlaridan foydalanildi)
- Qo'shildi: 28.11.2019
- Ko'rishlar: 5238
- Chop etish