«Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida g'oyat muhim o'rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir».
*
«2019 yil 21 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga o'ttiz yil to'ladi. Mazkur tarixiy hujjatga binoan o'tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo'ldi».
*
«Hozirgi kunda o'zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta'lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san'at sohalarida faol qo'llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda».
*
«O'zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o'rni va nufuzini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda».
*
«Xususan, so'nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o'rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo'llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog'onaga ko'tardi».
*
«Hududlarda atoqli alloma va adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablarining barpo etilishi bu yo'ldagi yana bir muhim qadam bo'ldi».
(O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 oktyabrda qabul qilingan
«O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining
o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida»gi qaroridan)
- Qo'shildi: 20.10.2019
- Ko'rishlar: 5783
- Chop etish