Joriy yil 20 sentyabr kuni maktabgacha ta'lim tizimida Singapur ta'lim tizimi va o'qitish metodologiyasini faol joriy etishni ko'zda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar berdi kun.uz sayti. Ushbu qadam mamlakatda maktabgacha ta'lim tizimidagi islohotlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.
Memorandumni O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin hamda “Modern Montessori International” kompaniyasi raisi doktor T.Chandru imzoladi. Memorandum Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim tizimida “Montesorri” usulida ishlovchi pedagoglarni tayyorlovchi o'quv markazini tashkil etish va xorijiy tajriba asosida faoliyat ko'rsatuvchi maktabgacha ta'lim tashkilotini yaratish loyihalarini hamkorlikda amalga oshirishni ko'zda tutadi.
“Modern Montessori International” kompaniyasi o'z faoliyatini 1989 yili boshlagan. Ayni kunda “Modern Montessori International” guruhiga dunyoning 14 mamlakati, xususan Singapur, Buyuk Britaniya, Gonkong, Birlashgan arab amirliklari, Malayziya va boshqa mamlakatlarda faoliyat yurituvchi 100 dan ortiq maktabgacha ta'lim muassasasi kiradi.
“Modern Montessori International” maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ta'lim jarayonini tashkil etishda “Montesorri” usulidan foydalanadi.
“Montesorri” usuli XX asrning biinchi yarmida pedagog va shifokor Mariya Montesorri tomonidan ishlab chiqilgan. U bolaning mustaqilligi, ma'lum chegaralar doirasida erkinligi, uning tabiiy, ruhiy, jismoniy va ijtimoiy rivojlanish pritsiplariga asoslangan.
Ma'lumot uchun: keyingi 2-3 yilda mamlakatimizda o'sib borayotgan avlodni sog'lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, ta'lim-tarbiya jarayoniga samarali ta'lim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta'limning samarali tizimini tashkil etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari sonini yanada oshirish va ular ko'rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo'ldi.
Shu bilan birga, tahlillar bolalarning maktabgacha ta'lim bilan qamrovini ta'minlash, maktabgacha ta'lim muassasalarini zamonaviy o'quv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan to'ldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish masalalarini hal etish zarurligini ko'rsatayotgandi.
Shuning uchun 2019 yil 8 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qarorni imzoladi.
Ushbu hujjat maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarning sifatli maktabgacha ta'limdan teng foydalanishini ta'minlash, maktabgacha ta'lim xizmatlarining nodavlat sektorini rivojlantirish maqsadida, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta'lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlandi. Kontseptsiyada, jumladan:
maktabgacha ta'lim sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish;
maktabgacha yoshdagi bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
bolalarning sifatli maktabgacha ta'lim bilan qamrovini oshirish, undan teng foydalanish imkoniyatlarini ta'minlash, mazkur sohada davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
maktabgacha ta'lim tizimiga innovatsiyalarni, ilg'or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
maktabgacha ta'limni boshqarish tizimini takomillashtirish, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish shaffofligi va samaradorligini ta'minlash;
maktabgacha ta'lim tizimiga maktabgacha ta'lim tizimi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga mutlaqo yangi yondashuvlarni joriy etish;
maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarning sog'lom va balanslashtirilgan ovqatlanishini, sifatli tibbiy parvarishini ta'minlash masalalari nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.09.2019
- Ko'rishlar: 6850
- Chop etish