(“Adolat himoyasida” medialoyihasi: 2-maqola)
O'zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek: “Bugungi kunda yurtimizda inson huquq va erkinliklarini qonuniy himoya qilish bo'yicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, shaxsni ayblashda qonunga zid usulda olingan ma'lumotlardan dalil sifatida foydalanganlik uchun qat'iy javobgarlik belgilandi.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor takrorlayman:
sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron bo'lishi kerak.
Bu borada Alisher Navoiy bobomiz “Zulm qilma, insofli bo'l, xalq uchun “adl qasri”, ya'ni “adolat qo'rg'onini” bunyod et”, deb aytgan so'zlarida qanchalik chuqur ma'no bor.
Adolat qo'rg'oni qachon paydo bo'ladi? Qachonki sud organlari, sudyalar qonunga, odillik tamoyillariga qat'iy amal qilib, o'z vazifasini halol va vijdonan ado etsa, bunga erishish mumkin”.
Har bir demokratik huquqiy davlatda insonning huquqlari va erkinliklarini muhofaza etishda sud tomonidan himoya qilinish bosh rolni o'ynaydi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Inson mezonlari bo'yicha konferentsiyasi Kopengagen kengashi hujjatida “Qonun asosida tashkil etilgan vakolatli, mustaqil va xolis sudda ishni adolatli va ochiq ko'rish huquqi, shuningdek ushbu zarur jarayonlarning boshqa kafolatlari YEXHTga a'zo davlatlarning inson mezonlari bo'yicha majburiyatlarining ajralmas qismi” deb ko'rsatilgan.
1953 yilning 3 sentyabrida kuchga kirgan Yevropa Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to'g'risidagi konventsiyasida faqat insonning asosiy huquqlari e'lon qilinibgina qolmasdan, ularni himoya qilishning alohida mexanizmi ham yaratilgan. Bu - Yevropa Inson huquqlari bo'yicha sudidir (inglizcha: European Court of Human Rights). U xalqaro sud organi hisoblanib, yurisdiktsiyasi Yevropa Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilgan Yevropa Kengashining barcha ishtirokchi davlatlariga amal qiladi.
Yevropa Inson huquqlari bo'yicha sudi quyidagi vakolat va huquqlarga ega:
-Yevropa Inson huquqlari bo'yicha sudiga berilgan shaxsiy va davlatlararo shikoyatlarni ko'rib chiqish;
-arizachining u yoki bu huquqi buzilganligini aniqlash;
-sudda yutib chiqqan arizachiga adolatli tovon to'lanishini ta'minlash;
-muayyan mamlakatda inson huquqlari buzilishi ommaviy tus olganligi holati aniqlangan holda ushbu davlatga mazkur kamchiliklarni tuzatish bo'yicha choralar ko'rish topshirig'ini berish.
Avvalgi yillarda O'zbekistonda huquqni qo'llash amaliyotining tahlili jinoyat ishlarini tergov qilish va ko'rib chiqish jarayonida dalillarni to'plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni hamisha ham ta'minlanmaganini ko'rsatdi.
Jinoiy ishlar bo'yicha sud jarayonlarida prokurorlar keng vakolatlarga egaligi sababli sudyaning ishni mustaqil ravishda va o'z vijdoniga binoan xal qilishdagi erkinligi cheklanardi.
Ushbu holatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta'sir ko'rsatar, oqibatda esa aholining asosli e'tirozlariga sabab bo'lardi.
Bu hisobga olingan holda O'zbekistonda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta'minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishiga aylandi.
Mamlakatda Sudyalar oliy kengashi tuzildi, sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oliy sud, ma'muriy sudlar tashkil etildi, shuningdek, sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etildi. Ma'muriy sudlar faoliyati yo'lga qo'yilishi natijasida fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan ma'muriy sudlarga murojaat qilishlariga to'la imkoniyat yaratildi.
Jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan har qanday ma'lumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanish qat'iyan taqiqlandi. Qiynoqqa solish, himoyaga bo'lgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qo'llash man etildi.
Dalillarni soxtalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilindi. Advokatlar jinoyat ishi bo'yicha dalillarni to'plash va taqdim etish huquqiga ega bo'ldi. Qiynoqqa solish kabi noqonuniy usullarni qo'llashni qat'iyan cheklash maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlana boshlandi.
Sudlarning xalq oldidagi mas'uliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan o'tkaziladigan bo'ldi. Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo'shimcha tergov yuritishga qaytarish tartibining bekor qilinganligi sud va tergov organlarining haqiqatni va ishni to'g'ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo'lgan boshqa holatlarni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asoslantirilgan va adolatli qaror qabul qilish borasidagi mas'uliyatini oshirish imkonini berdi.
Mahalla fuqarolar yig'inlari, O'zbekiston yoshlar ittifoqi tuman va shahar kengashlari, xotin-qizlar qo'mitalari kafilligi asosida sudlanuvchilarga, ayniqsa, yoshlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo turlarini tayinlash amaliyoti joriy etildi.
Mamlakatimiz davlat mustaqilligiga erishgandan keyin o'tgan 25 yilda 1 nafar, keyingi uch yilda esa 1705 nafar shaxs oqlangan. Xususan, oqlanganlarning soni 2017 yilda 263 nafarni, 2018 yilda 867 nafarni tashkil etgan, 2019 yilning to'qqiz oyida esa sudlar tomonidan 500 dan ortiq kishi oqlangan. Yarashuv institutining samarali qo'llanilishi natijasida 3 ming 228 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma'lumotlariga ko'ra, 2019 yilning to'qqiz oyida jinoiy ishlar bo'yicha sudlar tomonidan 20627 ta ish ko'rib chiqilgan. Ushbu ishlar bo'yicha 576 nafar shaxs oqlangan, 1036 nafar shaxsga shartli hukm chiqarilgan. Yoshlar ittifoqining kafolat xatlari orqali 202 nafar, Xotin-qizlar qo'mitasining kafolat xatlari orqali 175 nafar shaxs, mahallalar kafolat xatlari orqali 1078 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum etmaslik hukmlari chiqarilgan.
- Men onaman, ustozman. Asli vazifam bo'lsa-da, farzandlarimga, shogirdlarimga halollik, adolat haqida so'z ocholmay qolgandim. O'zimdan o'tgani o'zimga ayon edi. Halol mehnatim, aybsizligimni isbotlash nechog'lik og'ir ekanini hayotim misolida yaxshi anglayman. Prezidentimizga ming rahmat. Adolatli jamiyat qurish yo'lida sudlar odilligini taminlashga kirishdi. Men shu islohotlarning bir namunasiman. Adolat bor ekan mana men oqlandim, – deb yozadi Kattaqo'rg'onlik o'qituvchi Muhayyo Nosirova.
Kattaqo'rg'onlik o'qituvchi Muhayyo Nosirova ham o'z nomini oqlash uchun kurashdi. Sudlangan paytida bu ayol Kattaqo'rg'on shahar xalq ta'limi mudiri vazifasida ishlagan. Nazorat tartibida bergan shikoyatida quyi sudlarda ish bo'yicha isbotlanishi lozim bo'lgan holatlar har tomonlama xolisona tekshirilmaganini ma'lum qilgan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining videokonferentsaloqa rejimidagi ochiq sud majlisida esa sudlov hay'ati sud qarorlarining M.Nosirovaga oid qismini bekor qilib, ish bo'yicha uning qilmishida jinoyat tarkibi bo'lmagani munosabati bilan uni aybsiz, deb topdi.
Shuningdek, “Muruvvat uyi”ning direktori I.Egamberdiev Farg'ona shahar jinoyat ishlari bo'yicha sudining hukmiga ko'ra, 2016 yilning fevral oyida mansabdor shaxs sifatida Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismining “v, g” bandlari hamda 209-moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 2 million 604 ming 800 so'm miqdorida jarima va Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo'llab, bir yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etish jazosini belgilangan.
I.Egamberdiev uch yarim yil davomida haqiqat uchun kurash jarayonida yuqoridagi har ikkala modda bo'yicha o'ziga qo'yilgan ayblar asossiz ekanligi, xatti-harakatlarida hech qanday huquqbuzarlik va jinoyat alomatlari yo'qligini dalillar bilan isbotlash uchun kurash olib bordi.
Nihoyat ishni kassatsiya instantsiyasida ko'rish jarayonida dastlabki tergov va birinchi instantsiya sudi tomonidan ish bo'yicha isbotlanishi lozim bo'lgan holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to'la va xolisona tekshirib chiqilmaganligi, I.Egamberdiev harakatlarida jinoyat alomatlari borligi tekshirilmasdan, sud hukmida ko'rsatilgan jinoyatni sodir etganligini isbotlovchi dalillarsiz aybli deb topilganligi aniqlandi.
Shu sababli, sudlov hay'ati I.Egamberdievga oid jinoyat ishini sinchkovlik bilan, to'la va xolisona tekshirib chiqib, uning ishida jinoyat tarkibi bo'lmaganligini inobatga oldi. Natijada sudlov hay'ati jinoyat ishlari bo'yicha Farg'ona shahar sudining 2016 yil 17 fevraldagi hukmini bekor qildi. U aybsiz deb topilib, Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilindi, shu munosabat bilan yetkazilgan mulkiy, ma'naviy va boshqa ziyon oqibatlarini da'vo talabi bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega bo'ldi.
Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar tufayli keyingi vaqtda jinoyat ishlari bo'yicha sudlar tomonidan ko'plab shaxslarga oqlov hukmlari chiqarilmoqda. Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi, deydilar. Baribir adolat qaror topdi. Hayotning o'zi oqni oqqa, qorani qoraga ajratib qo'ydi. Sud tizimidagi islohotlar natijasida nohaqliklarga barham berilib, insonlarning yuzi yorug' bo'lishiga imkon tug'ildi. Bu adolat tantanasidir.
Adolat, ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash maqsadida sudda ishlarni elektron taqsimlash tizimi ham amaliyotga kiritildi. Endilikda inson aralashuvisiz ishni qaysi sudya ko'rishini elektron dastur belgilaydigan bo'ldi. Sud-tergov faoliyatida sarsonu ovora bo'lishga va ortiqcha sarf-xarajatga yo'l qo'ymaslik maqsadida “elektron jinoyat ishi” va “masofadan turib so'roq qilish” tizimlari ham joriy etila boshlandi.
O'zbekiston Oliy sudi statistikasiga ko'ra, sudyalarning fuqarolar huzuriga borishi, aholi orasida sayyor sud majlislari o'tkazishi odatiy holga aylanib bormoqda. 2019 yilning birinchi yarmida 210559 ta ish sayyor sudlarda ko'rilgan. 2784 ta sud majlisi videokonferentsaloqa rejimida o'tkazilgan.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 28.12.2019
- Ko'rishlar: 5277
- Chop etish