Prezident Qaroriga – bir yil! 10 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori qabul qilinganiga roppa-rosa bir yil to'ldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan brifingda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qaror ijrosi doirasida o'tgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida so'zlab berdi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 10 dekabr – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi nishonlangan kunda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risidagi qarorni imzoladi. Ushbu qaror, o'z navbatida, inson huquqlariga doir ma'ruzalarni tayyorlash bo'yicha milliy mexanizmlarni mustahkamlash hamda kelgusida ularning faoliyatini amalga oshirish borasida BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining chaqirig'iga javob bo'ldi.
Qarorga muvofiq, Markaz har yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to'g'risida axborot taqdim etishi belgilangan. Hozirgi kunda ushbu axborot tegishli tartibda kiritildi.
Parlamentlararo Ittifoq tavsiyalariga asosan Markaz bilan Oliy Majlis palatalari o'rtasida keng qamrovli hamkorlik o'rnatilgan. Jumladan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo'yicha milliy ma'ruzalar loyihalari hamda bu ma'ruzalarni BMTning shartnomaviy qo'mitalarida ko'rib chiqish natijalari yuzasidan parlament qo'mitalarida muntazam muhokamalar o'tkazish an'anasi shakllantirildi.
Bundan tashqari, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalariga izchil amal qilinmoqda.
Xususan, bugungi kunda bu borada milliy harakatlar rejalarini («Yo'l xaritalari»ni) bevosita Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etildi.
Fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi va ularni cheklash masalalari bo'yicha qonun loyihalarini Markaz bilan majburiy ravishda kelishish lozim. Mazkur tartibning amalda tatbiq etilishi natijasida 2019 yilda 15 ta qonun loyihasi ekspertizadan o'tkazildi.
Jumladan, xalqaro saylov standartlarini amalga oshirish maqsadida 2019 yili O'zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Kodeks zamonaviy talablar va demokratik saylovlarni o'tkazish bo'yicha xalqaro amaliyotga javob beradi.
Xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish maqsadida Markaz tomonidan qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo'yicha takliflar tayyorlandi. Jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”, “Bepul yuridik yordam to'g'risida”, “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to'g'risida”gi qonun loyihalariga takliflar berildi.
Sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga ustuvor e'tibor qaratilishi natijasida sudlar mustaqilligi va odil sudlovga bo'lgan huquqni himoya qilish sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo'yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilindi. Xususan, ayblov dalili sifatida noqonuniy usullar bilan olingan ma'lumotlardan foydalanish uchun qat'iy javobgarlik belgilandi. Jinoyat kodeksining qiynoqlarga doir 235-moddasi BMT Qiynoqlarga qarshi konventsiyasining 1-moddasiga moslashtirildi.
Joriy yilda yurtimizda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganining 40 yilligini nishonlashga bag'ishlangan keng ko'lamdagi tadbirlar o'tkazildi.
Mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo'yicha qonunchilik doirasida, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2019 yil 2 sentyabrida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida” hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasining BMT Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi parlament tomonidan tasdiqlandi. Shu asosda “Yo'l xaritasi”da belgilangan tadbirlar bajarilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 avgustdagi qaroriga asosan Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari tashkil etilmoqda.
O'zbekiston BMTning ustav va shartnomaviy organlari, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshirib bormoqda.
O'zbekiston 2021-2023 yillarga bo'lgan davrda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik uchun nomzodini ilgari surishi bo'yicha bayonot berdi. Hozirda mazkur Kengashga a'zolik uchun nomzodni ilgari surish bo'yicha siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2019 yil sentyabrida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O'zbekistonga keldi. BMT maxsus ma'ruzachisi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulida bo'ldi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi mamlakatning 3 viloyatiga tashrif buyurdi. Oliy Majlis palatalari, vazirlik va idoralar, Oliy sud va ikki viloyatdagi sud organlari rahbarlari bilan 40 dan ortiq uchrashuv bo'lib o'tdi.
So'nggi yilda O'zbekiston tomonidan inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo'yicha beshta milliy ma'ruza tayyorlanib, taqdim etildi.
2019 yilda BMT tomonidan Qiynoqlar bo'yicha konventsiya bajarilishi borasida O'zbekistonning Beshinchi ma'ruzasi hamda Irqiy kamsitishlar barcha shakllarini bartaraf etish to'g'risidagi konventsiya bajarilishi bo'yicha O'zbekistonning O'ninchi-O'n ikkinchi ma'ruzasi ko'rib chiqildi.
O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorligi faollashdi. O'zbekiston Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha deklaratsiyasini tayyorlashda faol ishtirok etdi va Deklaratsiyada inson huquqlari sohasida ta'lim to'g'risidagi normalarni kiritishni taklif etdi.
2019 yil 7-8 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinch, demokratik jamiyatlar qurish va barqaror rivojlanishda yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuida Oltinchi yillik seminari o'tkazildi. Xalqaro anjuman yaku nida Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarda yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
O'tgan davr mobaynida inson huquqlari bo'yicha muhim xalqaro-huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konventsiyasi, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining 3 ta shartnomasi va boshqa bir qator xalqaro hujjatlar tasdiqlandi.
O'tgan davrda O'zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro nohukumat tashkilotlar bilan hamkorligi faollashdi. O'zbekistonga «Xyuman Rayts Votch», «Amnesti Interneyshnl», «Kotton Kampeyn», Norvegiya Xel`sinki qo'mitasi, Xalqaro yuristlar komissiyasi, Inson huquqlari bo'yicha xalqaro hamkorlik kabi xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari tashrif buyurdi.
Tadbirda inson huquqlari qonun ustuvorligi va demokratiya amalda bo'lgan barcha jamiyatlar qo'llab-quvvatlaydigan asosiy tamoyil ekani alohida ta'kidlandi. Inson huquqlarini hurmat qilish – O'zbekistonda barpo etayotgan adolatli jamiyatning uzviy xususiyati, milliy va umuminsoniy mezoni hisoblanadi.
Ommaviy axborot vositalari inson huquqlari sohasidagi mamlakatimiz xalqaro majburiyatlarini bajarish borasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o'zaro hamkorligini, milliy ma'ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni kengaytirishga doir serqirra hamda mas'uliyatli faoliyat samaralaridan keng jamoatchilikni xabardor qilishga munosib hissa qo'shayotgani e'tirof etildi.
Birifing doirasida O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zA, O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi va UzDaily.uz internet-portali jurnalistlariga tashakkurnoma va sovg'alar topshirildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2019
- Ko'rishlar: 5175
- Chop etish