O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida «Jazo muddatini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida»gi Farmonni imzoladi. Bu hujjat xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yana bir yorqin ifodasi bo'ldi.
Farmonga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o'tayotgan hamda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan 258 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 16 nafari asosiy jazodan ozod etiladi, 101 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 117 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 7 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafari ayol, 7 nafari chet davlat fuqarolari, 164 nafari taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilaridir.
Oila boquvchisi, tarbiyachisi bo'lgan ota-onaning uyga qaytishi juda chuqur ma'naviy ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, mazkur Farmon ayni vaqtda oilaning davlat muhofazasida bo'lishiga xizmat qiladi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishlari, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishlari uchun ularga ko'mak berish bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Har qanday farmon ijrosi bilan xalq ishonchini qozonadi va jamiyatda qonunlarga hurmatni kuchaytiradi. Shu bois, mas'ul vazirlik va mutasaddi idoralar afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishi, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishi uchun barcha ishlarni boshlab yubordi.
Shunday qilib, afv to'g'risidagi ushbu hujjat adashgan hamyurtlarimiz va ularning oila a'zolari uchun haqiqiy Ramazon tuhfasi bo'ldi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.05.2020
- Ko'rishlar: 4213
- Chop etish