O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq, ya'ni 1991 yil 30 dekabr kuni inson huquqlari sohasidagi birlamchi xalqaro standart sifatida e'tirof etiladigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga qo'shildi. Bu bilan O'zbekiston yangi mustaqil davlat sifatida inson huquqlari va erkinliklariga, mazkur yo'nalishdagi xalqaro majburiyatlariga sodiq, insonparvar davlat qurishni maqsad qilganini keng xalqaro hamjamiyatga e'lon qildi.
Oradan bir yil o'tib, mazkur g'oyalar, mustaqil O'zbekistonning Konstitutsiyasida o'zining konstitutsiyaviy asoslarini topdi. Xususan, Konstitutsiyaning Muqaddimasi “inson huquqlariga va davlat suvereniteti g'oyalariga sodiqligini” degan so'zlar bilan boshlanadi va unda “xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda”, “fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini”, “insonparvar demokratik huquqiy davlat”, kabi tushunchalar bilan mustahkamlab qo'yilgan.
Konstitutsiyaning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi roli va ahamiyatiga baho berar ekan, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali yilig'ishda, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev shunday deydi: “Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to'liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog'i lozim”.
Ikkinchidan esa, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida o'z aksini topgan barcha huquq va erkinliklar Konstitutsiyaning inson huquqlari va erkinliklariga bag'ishlangan Ikkinchi bo'limida o'z aksini topdi.
Jumladan, Konstitutsiyaning katta qismini, ya'ni 18-52 moddalarni qamrab olgan mazkur bo'limda fuqarolarning teng huquqliligi, fuqaro va davlatning o'zaro huquq va burchlar o'zaro bog'liqligi, fuqarolarninsh Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo'yilgan huquq va erkinliklarning dahlsizligi, fuqarolar o'z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligi, kabi tamoyillar bilan bir qatorda, fuqarolik masalasi, shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar, inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari, fuqarolarning burchlari o'z aksini topgan va ular xalqaro standartlarga mos keladi.
Alohida ta'kidlash lozimki, Konstitutsiyaning 17-moddasida belgilab qo'yilganidek, O'zbekiston xalqaro huquqning to'la huquqli sub'ekti sifatida, nafaqat alohida davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini olib bormoqda, balki xalqaro institutsional tizim sifatida universal va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar doirasida faol ishtirok etmoqda, 5 mingdan ortiq xalqaro-huquqiy hujjatlarga qo'shilgan va ular asosida tegishli xalqaro-huquqiy majburiyatlarni o'z zimmasiga olmoqda.
Albatta, mazkur xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish chog'ida, ratifikatsiya qilingan xalqaro huquq normalari bilan amalda bo'lgan milliy qonunchilik normalarining to'qnashuvi, kolliziyasi yuz beradi. Bu holda, xalqaro huquqning ustuvorligi tamoyilidan kelib chiqib, milliy qonunchilikni takomillashtirish talab etiladi.
Xalqaro huquqning ustuvorligi tamoyili inson huquqlariga oid xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va ulardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish sohasida ham muhim rol o'ynaydi. Bugunga kelib, O'zbekiston Respublikasi inson huquqlari sohasida 80ga yaqin xalqaro hujjatlarga qo'shilgan.
Ular orasida inson huquqlari bo'yicha BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va ularga qo'shimcha protokollar, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro konventsiyalari, YEXHTning “Insoniylik mezonlari” hujjatlari, shuningdek, Islom Hamkorlik Tashkiloti, MDH, kabi mintaqaviy tashkilotlarning hujjatlarini milliy qonunchiligini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Alohida qayd etish lozimki, 2019 yil, ya'ni Hotin-qizlarni kamsitishning barcha turlariga barham berish to'g'risidagi konventsiyani qabul qilinganligining 40 yilligi, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyani qabul qilinganligining 30 yilligi mamlakatimizda nishonlanayotgan bir paytda, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini xalqaro-huquqiy normalar asosida takomillashtirishga alohida e'tibor qaratildi.
Jumladan, Hotin-qizlarni kamsitishning barcha turlariga barham berish to'g'risidagi konventsiyaning implementatsiyasi sifatida, 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlarni, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish nuqtai nazaridan, 2019 yil 6 dekabrdagi “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi, 2019 yil 16 dekabrdagi “Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida”gi qonunlarni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini misol keltirish mumkin.
O'zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to'la huquqli a'zosi sifatida xalqaro huquqning ustuvorligi printsipini konstitutsiyaviy tarzda ifoda etgan. Shu bilan bir qatorda, deyarli barcha qonunlarda, xalqaro huquqning ustuvorligi belgilab qo'yilgan havolaki norma mavjud.
Ya'ni, agar qonun hujjatining normalari shu sohada O'zbekiston qo'shilgan xalqaro shartnoma normalariga zid kelib qolsa, bunday hollarda xalqaro shartnoma normalari ustuvor bo'lishi va u yuridik kuchga ega bo'lishi
ko'rsatib o'tilgan.
Shuningdek, 2019 yil 6 fevral kuni qabul “Xalqaro shartnomalari to'g'risida”gi qonunda ham xalqaro huquqiy normalarning ustuvorligi aniq bayon qilib qo'yilgan.
Jumladan, Qonunning 2-moddasi uchinchi xatboshida “Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo'llaniladi”, deb belgilangan.
Qonunning 3-moddasida “O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan printsiplari va normalari bilan bir qatorda O'zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir”, deb ko'rsatilgan.
Demak, xalqaro huquq normasi ustuvorlik kasb etsa hamda milliy huquqiy tizimning tarkibiy qismiga aylansa, bu huquq normalarining milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiyasini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi va u alohida jarayonni talab etadi.
“Xalqaro shartnomalar to'g'risida”gi Qonunning 33-moddasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari O'zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro huquq normalariga muvofiq og'ishmay va majburiy tarzda bajarilishi lozim.
Mazkur moddaning ikkinchi xatboshisi talabiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini bajarish maqsadida O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatini qabul qilish zarur bo'lgan hollarda, manfaatdor davlat organlari O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi normalarini implementatsiya qilish masalalari bo'yicha tegishli hujjat qabul qilish to'g'risida Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda takliflar taqdim etadi.
Qonunning 34-moddasida esa, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va O'zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etilishini ta'minlashi; O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishini ta'minlash yuzasidan amaliy choralar ko'rishi va O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bajarilishi uchun javobgarlik o'z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va mansabdor shaxslarni o'z vakolatlari doirasida belgilashi ko'rsatilgan.
Mazkur moddad O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o'z vakolatiga kiradigan davlat organlari xalqaro shartnomalar bajarilishini, bunday shartnomalardan kelib chiqadigan, O'zbekiston Respublikasiga tegishli bo'lgan huquqlarga rioya etilishini ta'minlashi hamda xalqaro shartnomalarning boshqa ishtirokchilari tomonidan o'z majburiyatlari bajarilishini kuzatib borishi zarur.
Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar ikki yoki undan ortiq davlat organlarining vakolatlariga kirsa, Tashqi ishlar vazirligining taklifiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi shartnoma bo'yicha majburiyatlarning bajarilishini muvofiqlashtirish o'z zimmasiga yuklatiladigan davlat organini belgilaydi.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekbardagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qarorida normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy
qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta'minlash bo'yicha qator vazifalar belgilab berilgan. Jumladan:
har yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to'g'risida axborot taqdim etish;
inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O'zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo'yicha davlat organlari faoliyatiga ko'maklashish;
inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o'rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish;
O'zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo'yicha milliy ma'ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo'yicha milliy harakat rejalarini («yo'l xaritalari»ni) ishlab chiqish;
normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta'minlash bo'yicha takliflar tayyorlash, kabi inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishning milliy mexanizmi aniq ko'rsatib berilgan.
Xulosa qilib aytganda, xalqaro huquq normalarini milliy huquqqa implementatsiya qilish ko'p qirrali va ko'p bosqichli murakkab jarayondir. Xalqaro huquq normalarining milliy huquqqa to'la va samarali tatbiq etilishi uchun milliy huquqiy tizimlarda yuridik, moliyaviy va institutsional vositalaridan iborat “kutib oluvchi yoki qabul qiluvchi infratuzilmalar” shay bo'lib turmog'i lozim.
Aks holda xalqaro huquq normalari va milliy huquqiy tizimlar orasida murosasiz to'qnashuvlar kelib chiqadi. Bunday to'qnashuvlarni bartaraf etish va xalqaro huquq bilan milliy huquq o'rtasida “do'stona bahamjihatlikning” qaror topishi uchun quyidagilarga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
- xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish jarayoniga milliy huquqiy tizim va xalqaro huquqqa oid bilimlarni puxta egallagan huquqshunos-mutaxassislarni jalb qilish;
- xalqaro shartnomalar imzolash, qabul qilish, ratifikatsiyalash, tasdiqlash yoki ularga qo'shilishdan oldin implementatsiya qilish imkoniyalarini chuqur o'rganib chiqish;
- xalqaro huquq normalarini milliy huquqqa implementatsiya qilishda tegishli davlat organlarining vakolat va vazifalarini aniq belgilab berish;
- O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishning nazariy va amaliy jihatlarini ilmiy tadqiq qilishni yanada kuchaytirish;
- inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalarning milliy qonunchilikka implementatsiya qilish mexanizmini ishlab chiqish, ya'ni qanday holatlarda implementatsiya qilishning transformatsiya, inkorporatsiya usullaridan foydalanish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan xalqaro shartnomalarning mazmun-mohiyati va ularda ratifikatsiya talablarini, bu borada ilg'or horijiy tajribani o'rganish;
- inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilinganligi darajasi bo'yicha inventarizatsiya qilish;
- inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilishning monitoringini tizimli olib borish mexanizmini takomillashtirish;
- inson huquqlari sohasida O'zbekiston kelgusida qo'shilishi mumkin bo'lgan xalqaro shartnomalarning qanchalik milliy huquqiy tizimga ta'sir ko'rsatishining ijobiy va salbiy tomonlari yuzasidan ilmiy-amaliy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
- inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalarning milliy qonunchilikka implementatsiya qilishda, muhim omil sifatida inson huquqlari bo'yicha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish.
Alohida qayd etish o'tish kerakki, inson huquqlari sohasidagi ta'lim, xalqaro standartlarning huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilishda muhim rol` o'ynaydi.
Chunki xalqaro standartlarni qo'llashda, avvalombor, huquqni qo'llovchilarning xalqaro standartlarning mazmun-mohiyatini, ularning o'ziga xos xususiyatlari yuzasidan kuchli bilim va ko'nikmaga ega bo'lishi, ikkinchidan esa, aholining xalqaro standartlar asosidagi o'z huquq va erkinliklari bo'yicha huquqiy madaniyati shakllangan bo'lishi lozim.
Albatta, yuqoridagilarni amalga oshirishda, mamlakatda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida qaror toptirishda, bu sohadagi kompleks chora-tadbirlarni, uzoq muddatga mo'ljallangan strategik yondashuvni talab etadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitutsiya kuniga bag'ishlangan tantanali yig'ilishida, avvalo, eng muhim vazifalardan biri sifatida “Inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyani” qabul qilish lozimligini qayd etdi. Bunda jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirish, shu orqali mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishimiz zarurligini ta'kidladi.
Davlat rahbari ta'biri bilan aytganda, “Milliy strategiya doirasida inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish, umumta'lim maktablari, oliy o'quv yurtlari, kadrlarni qayta tayyorlash markazlarida “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari” nomli maxsus o'quv kurslarini joriy etishning vaqti-soati keldi”.
Abdulhay Mo'minov,
Markazning Inson huquqlari sohasidagi
xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo'limi boshlig'i,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent
- Qo'shildi: 25.12.2019
- Ko'rishlar: 6032
- Chop etish